10:08 / 29.03.2018
9 394

Yangi konsepsiya O‘zbekistonda soliq revolyutsiyasini vujudga keltiradimi?

Yangi konsepsiya O‘zbekistonda soliq revolyutsiyasini vujudga keltiradimi?
Foto: «Infocom.uz»
O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ishlab chiqiilgan mazkur konsepsiya revolyutsion hujjat hisoblanadi. Agar u qabul qilinsa va amalga oshirilsa, mamlakatda biznes muhiti butunlay yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Haqiqatda shundaymi? O‘zi bu konsepsiyaga qanday mazmundagi bandlar va yangiliklar kiritilgan? Quyidagi sharhda bu haqda batafsil ma’lumot beriladi.

So‘nggi yillarda respublikamizda soliq tizimi va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga doir qator chora-tadbirlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, soliq tizimi va soliq ma’muriyatchiligining hozirgi ahvoli hali erkin bozor iqtisodiyoti prinsiplariga javob bermaydi, biznes zimmasida katta soliq yuki saqlanib qolayotgani, ko‘p sonli soliqlar va ularni ma’muriylashtirish taomillarining murakkabligi sababli iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermayapti.

Soliq yukining yuqori darajasi kapitalning xufiya oborotga olib chiqilishiga sababchi bo‘lmoqda. Kichik va yirik biznes sub’ektlari o‘rtasida soliq yuki darajasidagi salmoqli tafovut (o‘rta hisobda 3-4 baravar) ishlab chiqarishning kengaytirilishiga va tadbirkorlik sub’ektlarining yiriklashishiga to‘sqinlik qilmoqda.

QQSning yuqori stavkasi va undirish tizimining murakkabligi soliq to‘lovchilarning oborot mablag‘lari tortilishiga, oraliq va pirovard iste’mol mahsulotlari qiymati qimmatlashishiga, yirik va kichik biznes o‘rtasida samarali kooperatsiya mavjud bo‘lmasligiga olib kelmoqda.

Yuridik shaxslar mol-mulkiga soliq solishning amaldagi tizimi ishlab chiqarish kapital inshootlari va infratuzilmasiga investitsiyalarga g‘ov bo‘lmoqda, salmoqli kapital talab etadigan tarmoqlarga xarajatlar oshirilishiga olib kelmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlarga soliq solish tizimining takomillashmaganligi mehnatga haq to‘lash fondi pasaytirilishiga va, oxir-oqibat, xufiya maosh to‘lash sxemalari qo‘llanilishiga olib keladi.

Samarasiz soliq ma’muriyatchiligi umuman Davlat byudjeti daromadlari darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Amaldagi tizimning shu va boshqa ko‘plab kamchiliklari respublikamizning investitsion jozibadorligiga jiddiy putur yetkazadi, boisi aksariyat investorlar nazarida O‘zbekiston soliq qonunchiligi normalari tushunarli bo‘lishini, sog‘lom raqobatni, soliq ma’muriyatchiligi ochiq-oshkoraligini, soliq yukining maqbul darajasini va investorlar huquqlari himoyalanishi kafolatlarini ta’minlamayapti.

Shu muammo va kamchiliklardan kelib chiqib, soliq tizimini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Konsepsiyaga ko‘ra, ular quyidagilardan iborat.

I. Soliq tizimini isloh qilishda ustuvor yo‘nalishlar

Soliq qonunchiligini imkon qadar soddalashtirish, normativ hujjatlardagi kolliziya va qarama-qarshiliklarni yo‘qotish, soliq to‘lovchilar manfaatini himoya qilish.

Soliq tizimidagi har qanday o‘zgarishlar keyingi moliyaviy yildan kuchga kirish tartibini joriy etish.

Tadbirkorlarga soliq bosimini kamaytirish, katta va kichik korxonalari orasida soliq miqdoridagi tafovutlarni bartaraf etish.

Teng raqobat muhiti yaratish maqsadida, shaxsiy soliq va bojxona imtiyozlari berish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Soliqlar umumiy soni kamaytiriladi, bir xil bazadan olinadigan soliqlar umumlashtiriladi. Soliq hisobotlari soddalashtiriladi.

II. Soliq tizimi isloh qilinadigan asosiy yo‘nalishlar


Yuridik shaxslar daromad solig‘i bekor qilinadi. Tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalaridan bundan mustasno.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushiriladi, lekin shu bilan birga aylanma mablag‘ miqdori 1 milliarddan ko‘p bo‘lgan, barcha toifadagi soliqchilar uni to‘lashga majbur bo‘ladi. QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning samarasizlari bekor qilinadi.

Yuridik shaxslar daromadidan davlat maqsadli fondlariga olinadigan to‘lovlarning barchasi bekor qilinadi.

Jismoniy shaxslar daromad solig‘i, yagoni ijtimoiy soliq, nafaqa fondiga sug‘urta to‘lovlari yagona 25 foizli soliq aylantiriladi.

Soddalashtirilgan tartibda soliqqa tortish tizimi bekor qilinadi. Yer solig‘i va yagona soliq to‘lanadigan faoliyat turlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Yangi soliq tizimida kichik biznes korxonalari hisoblanadigan yuridik shaxslar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
  • yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan kam;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lamaydigan;
  • 5%li daromad solig‘i to‘laydigan.

Tadbirkorlik sub’ektining yillik daromad miqdori 1 milliard so‘mdan oshgan taqdirda xususiy tadbirkorlar yuridik shakli o‘zgarmagan holda umumiy soliq tizimiga o‘tkaziladi.

Yuridik shaxslar mol-mulkiga bo‘lgan soliq bosimi bosqichma-bosqich kamaytiriladi. Xususan, 2019 yilda 2,5 foizgacha, 2021 yilga qadar 1 foizgacha.

Soddalashtirilgan soliq tizimini bekor qilish evaziga yer va mulk soliqlari to‘lovchilari sonini kengaytirish. Besh yil ichida ko‘chmas mulk solig‘i joriy etish.

Suv va yer boyliklaridan foydalanuvchilar uchun soliq tizimini takomillashtirish.

Aksiz soliqlarini umumlashtirish evaziga ularning turlarini qisqartirish.

Intellektual mulk solig‘i olish uslublarini ishlab chiqish.

Rezident bo‘lmagan yuridik shaxslardan soliq olish tizimini takomillashtirish.

III. Soliq ma’muriyati sohasidagi islohotlar

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali, soliq organlari va soliq to‘lovchilarining shaxsiy aloqasini imkon qadar cheklash.

Soliq tzimiga onlayn ma’lumot beruvchi kassa-nazorat apparatlari o‘rnatish.

Tadbirkorlikning ayrim samarasiz shakllarini, jumladan oilaviy va xususiy korxonalar bekor qilish.

O‘xshash bazalardan olinayotgan soliqlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni qisqartirish.

O‘zbekistonda soliq turlari sonini kamaytirish.

Ortiqcha olingan soliqlarni qaytarish tizimini ishlab chiqish.

Soliq sohasida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar uchun jarima choralarni qayta ko‘rib chiqish.

Soliq imtiyozlarini faqat ma’lum maqsadlar uchun berish hamda samarasiz sarflangan imtiyozlarni byudjetga qaytarish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Soliq tizimidagi audit mexanizmini tubdan takomillashtirish. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini o‘rnatish.

Soliq to‘lovchilarning soliq qonunchiligidan xabardorlik darajasini oshirish. Turli vebinar va onlayn-chatlar tashkil qilish.

IV. Soliq islohotlaridan kutilayotgan natijalar

Yuqoridagi silohotlar natijasida paydo bo‘ladigan yangi soliq tizimi, quyidagilarni ta’minlashi kerak:
  • Iqtisodning tezkor rivojlanishini;
  • Tadbirkorlik sub’ektlariga bir xil soliq bosimi qo‘yilishi;
  • Sog‘lom raqobatbardosh tadbirkorlik muhiti yaratish, shaxsiy imtiyozlar berish amaliyotiga chek qo‘yish;
  • Iqtisodni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish.

O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlari portalida muhokamaga qo‘yilgan. Ushbu muhokamada barcha istovchilar qatnashib, konsepsiya yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin.

Shuningdek, ertaga, 29 mart kuni poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da mazkur muhim hujjat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Soat 10:00da boshlanadigan muhokamaga soliq sohasidagi ekspertlar, biznes-jamoatchilik vakillari, OAV, xalqaro moliya institutlari, diplomatik korpuslar va boshqalar taklif qilingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yangi konsepsiya O‘zbekistonda soliq revolyutsiyasini vujudga keltiradimi?