11:35 / 28.02.2019
5 386

O‘zbekistonda valyutaga oid munosabatlarni takomillashtirish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda valyutaga oid munosabatlarni takomillashtirish taklif qilinmoqda
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida valyutaga oid munosabatlarni takomillashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, respublikada bank-kredit sohasini rivojlantirish bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirilib, aholiga qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, ko‘plab joylarga bankomatlar qo‘yilib, naqd pulni yechib olish imkoni yaratildi, valyuta bozorini liberallashtirish va uning noqonuniy oldi-sotdisini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Hozirgi kunda fuqarolardan bank kassalarida valyuta qabul qilinib, erkin ravishda ayirboshlash amalga oshirilmoqda. Biroq bu harakatlar bir tomonlama bo‘lib, banklar amalda faqat valyuta mablag‘larini olish bilangina cheklanib, fuqarolarga erkin ravishda sotmayapti. Shuningdek, banklarda ayirboshlash tezkor ravishda yo‘lga qo‘yilmaganligi, ayrim banklar (kassalar) hali xam ayirboshlash bilan shug‘ullanmayotganligi sababli fuqarolar “qora bozor”ga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda.

“Mazkur holatni bartaraf etish uchun jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida litsenziya asosida valyutani ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanishga (turg‘un shoxobchalar orqali) ruxsat berish lozim. Mazkur faoliyat natijasida “BANK - YaTT - FUQARO” zanjiri paydo bo‘ladi va amalda bir qator muammolarni hal qiladi. Birinchidan, iqtisodiyotga milliardlab zarar keltiradigan “qora bozor” o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Ikkinchidan, barcha “qora bozor” ishtirokchilari faoliyatini qonuniylashtiradi va soliq to‘lovchilarga aylanadi. Uchinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. To‘rtinchidan, valyutaning bankdan tashqari aylanishiga barham beriladi. Beshinchidan, valyuta bozorida sog‘lom raqobat yuzaga keladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Bildirilishicha, buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga “valyutani ayirboshlash” faoliyatini kiritish zarur. Shuningdek, ushbu faoliyat uchun soliq stavkalarini belgilash, bunda soliq miqdori adolatli bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda valyutaga oid munosabatlarni takomillashtirish taklif qilinmoqda