16:36 / 30.06.2019
4 676

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi versiyasi e’lon qilindi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi versiyasi e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi versiyasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Kun.uz nashri Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi vakillari bilan bog‘lanib, yangi tahrirdagi kodeks versiyasi bo‘yicha izoh so‘radi.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha jamoatchilik fikrini o‘rganish, xususan soliq maslahatchilari munosabatini to‘plash uchun taqdim etilgan bo‘lib, yakuniy versiyadagi kodeks loyihasi emas. Asosiy o‘zgarishlar esa quyida:

1. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq, umumiy pul aylanmasi 1 milliard so‘mga qadar bo‘lgan tadbirkorlar uchun soliq tortishning soddalashtirilgan rejimi saqlanib qolgan.

2. Shuningdek, qat’i o‘rnatilgan miqdor bo‘yicha soliq to‘lovchilar yillik umumiy daromadlar deklaratsiyasi asosida soliq to‘lash huquqiga ega bo‘ldi. Bunda qat’i o‘rnatilgan miqdorda to‘lash huquqini saqlab qolgan holda daromadlarining 12 foizini (farqli ravishda) soliq sifatida hisoblashi mumkin. Masalan, sartarosh 350 ming so‘m etib belgilangan soliqni har oyda to‘lashi lozim.

Lekin ayrim oylarda uning daromadlari 2,5 million so‘mdan oshmadi va tushumning 500 ming so‘m qismi turli professional ehtiyojlar uchun sarflandi. Sartaroshning haqiqiy daromadi 2 million so‘m bo‘lgan taqdirda, u to‘ldirgan deklaratsiyasi asosida daromadining 12 foizini soliqqa o‘tkazishi mumkin. Shunda sartarosh 350 ming so‘m emas, 240 ming so‘m to‘laydi.

3. Soliq to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha muddatni kechiktirish tartibi o‘zgarmoqda. Kodeks loyihasida ikkita yangi instrument nazarda tutilgan: pulli va bepul muddatni uzaytirish imkoniyati. To‘lov muddatini bepul kechiktirish alohida shart va vaziyatda taqdim etiladi. Masalan, tabiiy ofat va boshqa kutilmagan vaziyatda to‘lovni amalga oshirish muddati bepul kechiktirilishi mumkin. Boshqa holatlar bo‘yicha to‘lov qobiliyati ayni paytda mavjud bo‘lmasa, keyinroq to‘lash huquqi beriladi, ammo ma’lum foiz evaziga. Bu muddatni kechiktirish mexanizmi ishini ancha shaffof qiladi.

Masalan, korxona bankrotlik yoqasida turib, bir vaqtning o‘zida soliq majburiyatini bajarganda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelsa, to‘lovlar muddatini kechiktirishi mumkin. Pulli imkoniyat uchun to‘lov qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqib o‘rnatiladi.

4. Qarzdorlik va boshqa majburiyatlarni bajarmaganlik uchun kelib chiqadigan penya miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasiga bog‘lanmoqda.

5. Yangi tahrirdagi kodeksda soliq imtiyozlari qisqartirilmoqda, bir-birini takrorlovchi alohida soliq imtiyozlari umumlashtirilgan. (Bu haqda batafsil ma’lum qilinadi - tahr.)

6. QQS bo‘yicha ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar quyidagicha bo‘lib, QQS to‘lovchisi etib:

— O‘zbekistondagi yuridik shaxslar;
— Mamlakat hududida faoliyat olib boruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar;
— O‘zbekistonda muqim faoliyati olib boruvchi xorijiy yuridik shaxslar;
— Ishonchli shaxslar;
— O‘zbekiston chegara bojxona punktlaridan tovarlarni olib o‘tuvchi shaxslar.

Kalendar yilida umumiy aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmagan shaxslar QQS to‘lovchisi hisoblanmaydi. Kodeks loyihasida soddalashtirilgan QQS ko‘rsatilmagan, ammo ushbu tartib 2021 yil 1 yanvarga qadar saqlanib qolinadi. Shunga qaramay, har qanday import amaliyoti bilan aloqador, import tovar sotuvchisi umumiy daromad aylanmasidan qat’iy nazar QQS to‘lovchisi hisoblanadi.

QQS to‘lovchi tadbirkorlar maxsus hisobda turish uchun Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat etishi zarur. INN raqamidan tashqari, QQS to‘lovchilar maxsus hisobi yuritiladi.

Eksportga yo‘naltirilgan tovarlardan tashqari, xizmatlar ham nol stavkadagi QQSga tortiladi. (Bu haqda batafsil keyinroq - tahr.)

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi versiyasi e’lon qilindi