12:28 / 10.12.2019
2 929

Deputatlar yangi tahrirdagi Soliq kodeksini qabul qildilar

Deputatlar yangi tahrirdagi Soliq kodeksini qabul qildilar
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
2019 yil 9 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinmoqda. Loyihada barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar (aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarning oldini olish, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq ob’ektlari, soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bog‘liq bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Jumladan, soliq nazoratining yangi tartibi (kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv, soliq auditi) taklif etilmoqda.

Tahlika-tahlil dasturi joriy qilinmoqda. Ushbu dastur faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xo‘jalik sub’ektlarini muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil yo‘lak, sariq yo‘lak, qizil yo‘lak) ajratadi. Unga binoan, xavflilik darajasi past bo‘lgan (yashil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari ko‘rsatiladi.

Xavflilik darajasi o‘rtacha bo‘lgan (sariq yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish bo‘yicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi hamda ularga moliyaviy va ma’muriy jarimalar qo‘llanilmaydi.

Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan (qizil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan esa, soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. Bunday korxonalar doimiy nazoratda bo‘ladi.

Deputatlarning fikricha, ushbu tadbirlar soliq nazoratini amalga oshirishning shaffofligini ta’minlab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Loyihada soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 dan 3 turgacha qisqarmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra, ortiqcha undirilgan summalarga har bir o‘tgan kuni uchun soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchiga penya to‘lanadi. Xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) “Tax free” tamoyili asosida qaytariladi. Mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirishda to‘lanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizga tushirilmoqda.

Loyihada soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qat’i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi bo‘yicha yangi me’yor kiritilmoqda.

Soliq huquqbuzarliklariga yo‘q qo‘yayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Ya’ni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Ta’kidlanganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar majlislarida, shuningdek, joylardagi muhokamalar jarayonida deputatlar, tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar tomonidan 500 dan ortiq taklif va mulohaza bildirildi. Mazkur takliflar qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida ko‘rib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70 dan ortiq tahririy va konseptual o‘zgarishlar kiritildi.

Jumladan, loyihadagi soliq qarzdorligi kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim qilinishi taklif etilgan edi. Muhokamalardan so‘ng yirik korxonalarning soliq qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga, qolgan soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa, hududiy moliya va soliq organlarining xulosasi asosida Xalq deputatlari viloyat kengashiga berilishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘tkazilgan muhokamalarda parlament a’zolari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i(QQS)ni takomillashtirish, foyda solig‘ini tartibga soluvchi normaga o‘zgartirishlar kiritish, xarajatlarning “iqtisodiy asoslanganligi” to‘g‘risidagi noaniqliklarni chiqarib tashlashga doir bir qator takliflar bildirilgan bo‘lib, ularning aksariyati loyihada aks ettirildi.

Muhokamalar chog‘ida loyiha ovozga qo‘yildi va “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Deputatlar yangi tahrirdagi Soliq kodeksini qabul qildilar