12:50 / 21.01.2020
4 799

Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi

Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi
2020-2022 yillarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy qilish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, quyidagilar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilanadi:

idoraviy telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, barcha tarkibiy bo‘linmalarning himoyalangan ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanishini tashkil etish;

moliya-xo‘jalik faoliyati, ma’muriy tartibotlar, ishlab chiqarish, texnologik va boshqaruv jarayonlariga axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni keng joriy etish;

idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari sifatini oshirish va ro‘yxatini kengaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan bevosita aloqasiz o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish shakllarini keng qo‘llash;

axborot va kompyuter texnologiyalari sohasida mas’ul xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish;

axborot tizimlari va resurslari xavfsizligini, muhim axborot infratuzilmasi va raqamli ma’lumotlarni himoya qilishni ta’minlash.

Quyidagilar:
2020-2022 yillarda elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati;

2020-2022 yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari – loyiha ijrochilari, ro‘yxatlarga kiritilgan loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, loyiha-texnik hujjatlarini ishlab chiqishni ta’minlash va boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish uchun shaxsan javobgardirlar.

Ro‘yxatlarga kiritilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha samarali monitoring qilish mexanizmi joriy etiladi.

Davlat boshqaruv organlari – davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish doirasida loyiha ijrochilari:

davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etadigan barcha axborot tizimlari va resurslarining integratsiyasini hisobga olgan holda idoralararo hamkorlikni faqat idoralararo integratsiya platformasi orqali amalga oshirishni;

davlat xizmatlarini taqdim etadigan axborot tizimlarida va axborot resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlashni elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalangan holda amalga oshirishni;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlar agentligi bilan birgalikda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlarini optimallashtirish va takomillashtirish choralarini ko‘rishni ta’minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi bilan birgalikda:

ro‘yxatlarga kiritilgan ustuvor loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etishning iqtisodiy samaradorligining maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha tizimli nazorat va monitoringni tashkil etishni;

axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha texnik hujjatlarni, shu jumladan zamonaviy texnologiya va dasturiy mahsulotlardan foydalanganlik yuzasidan puxta va har tomonlama ekspertizadan o‘tkazishni;

har chorakning hisobot davridan keyingi oyning 10-sanasiga qadar zarur tashkiliy va texnik tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha aniq takliflar bilan birga, ro‘yxatlarga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi holati bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etilishini;

ro‘yxatga kiritilgan loyihalarning ijrochilar hisobotlarini tinglash jadvalini ishlab chiqib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etishni ta’minlaydilar.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari har yili o‘z xarajatlar smetalari va biznes rejalarida litsenziyali dasturiy mahsulotlarni xarid qilish, axborot tizimlarini ishlab chiqish, elektron hukumatni rivojlantirish va elektron davlat xizmatlarini joriy etishga alohida e’tibor bergan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni xarajatlar moddasida hisobga oladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida yuqoridagi maqsadlar uchun zarur budjet mablag‘larini ajratishni nazarda tutadi..

Loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini monitoring qilish
SXЕMASI


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi