Yevropa parlamentida Trampning oltindan yalang‘och haykali namoyish etildi

Fransiyaning Strasburg shahridagi Yevropa parlamenti binosida AQSH prezidenti Donald Tramp tasvirlangan g‘ayrioddiy haykal namoyishga qo‘yildi. Satirik asar yalang‘och holdagi Trampni boshqa bir insonning yelkasida o‘tirgan tarzda tasvirlaydi.
«Orange Plague» — «To‘q sariq o‘lat» deb nomlangan mazkur asar daniyalik haykaltarosh Yens Galsxiyot tomonidan yaratilgan. U «Adolatsizlik qiroli» nomi bilan ham tanilgan.
Qariyb 2,5 metr balandlikdagi haykal 23 karatli oltin bilan qoplangani aytilmoqda. Unda Tramp qo‘lida uzun golf tayog‘i bilan tasvirlangan. Asar Yevropa parlamentining ikki binosini bog‘lovchi gavjum hududlardan birida namoyish etilmoqda.
Haykalni Yevropa parlamentida namoyish qilish tashabbusi daniyalik yevrodeputat Per Klausen tomonidan ilgari surilgan. Ko‘rgazma 8 oktyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.
Muallifning ta’kidlashicha, asar siyosiy satira bo‘lib, Trampning siyosati va iqlim o‘zgarishiga munosabatiga tanqidiy ishora qiladi. Galsxiyot Trampni iqlim inqiroziga qarshi kurashdagi to‘siqlardan biri sifatida ko‘rishini bildirgan.
Hozircha Donald Trampning o‘zi ushbu haykalga munosabat bildirmagan. Asar avvalroq boshqa xalqaro tadbirlarda, jumladan, Braziliyadagi BMT iqlim konferensiyasida ham namoyish etilgan.






























Izohlar 0
…