19:05 / 10.04.2021
2 082

Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma loyihani yo‘lga qo‘ydi

Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma loyihani yo‘lga qo‘ydi
Foto: primeminister.kz
Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi «Jibek Joli» o‘tkazuv punktida o‘zaro muzokara o‘tkazdi va «Markaziy Osiyo» xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi quriladigan joyga kapsula qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, tranzit-transport, turizm, kosmik soha, sanoat kooperatsiyasi, suv resurslaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish, mintaqaviy va chegaraoldi hamkorligi masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida avtomobilsozlik, Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temir yo‘l magistrali qurilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Mamin va Aripov «Markaziy Osiyo» xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini hamda temir yo‘l transportini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar to‘g‘risidagi protokolni imzoladi.

«Markaziy Osiyo» xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi «Jibek Joli» (Qozog‘iston) va «G‘ishtko‘prik» (O‘zbekiston) nazorat-o‘tkazuv punktlari hududida barpo etiladi. Markazning umumiy maydoni 400 gektarni, o‘tkazish qobiliyati har ikki yo‘nalishda sutkasiga 35 ming kishi va 5 ming yuk avtomobilini tashkil etadi.

Markaz Qozog‘iston va O‘zbekistonning hamkorlikdagi investitsion loyihalarini amalga oshirish uchun yirik sanoat va savdo-logistika markazi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov bilan investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligining joriy masalalarini muhokama qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma loyihani yo‘lga qo‘ydi