19:09 / 16.05.2021
5 609

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi qarzi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi qarzi haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatning tashqi qarzi masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xorijiy moliya institutlari va xalqaro banklardan olingan kreditlar iqtisodiyot va odamlar hayotini rivojlantirishga qaratilgan.

«Hamma tashqi qarzimiz o‘sib borayotganini aytmoqda. Agar biz chet eldan kredit olmaganimizda, iqtisodiyotimizni shu darajaga ko‘tara olarmidik? Biz ichki va tashqi pullarni ijtimoiy-iqtisodiy hayotni o‘zgartirish uchun sarflayapmiz... Agar hokimlar bugungi kunda dunyoqarashini o‘zgartirmasa, ishdan ketadi. Ular hatto pul qayerdan va nimaning hisobiga kelayotganini ham bilmaydi», — degan u.

Shavkat Mirziyoyev oxirgi uch yil ichida hududiy dasturlar doirasida 16 trillion so‘mlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foiz pul tushumlari bankdan tashqari aylanayotganini aytdi. Joriy yilgi 11,5 trillion so‘mlik 2600 ta loyiha pul tushumlarining 80 foizi esa bankdan tashqarida muomalada.

Prezidentning fikricha, ushbu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, «ko‘zbo‘yamachilik» uchun amalga oshirilyapti. Davlat rahbari ushbu korxonalarni «soyadan» chiqarish va kreditlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat o‘rnatishni topshirdi.
«Agar eskicha fikrlashda davom etsak, ertaga kech bo‘ladi...  Biz shuncha mablag‘ni nimaga ajratyapmiz? Odamlar, iqtisodiyot pul ko‘rishi, rivojlanishi uchun. Bu narsalarni to‘g‘ri tushunmaydigan va hech qanday choralar ko‘rmaydigan rahbarlar ishdan olinadi... Nega men fond bozori rivojlanishi haqida gapiryapman? Maqsad — bozorni, sog‘lom raqobat va teng huquqli iqtisodiyotni rivojlantirish», — degan Prezident.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 33,8 milliard dollarni (YAIMning 59 foizni) tashkil etadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 37,4 foiz yoki 9,2 milliard dollarga ko‘pdir.

Tashqi qarzda davlat qarzi ulushi 21,3 milliard dollarni tashkil qilgan (YAIMning 41 foiz atrofida — makroiqtisodiy barqarorlik uchun 60 foiz atrofida bo‘lishi xavfsiz hisoblanadi). Aksariyati davlat ulushiga ega bo‘lgan xususiy sektorning (bank, neft-gaz, energetika, to‘qimachilik va boshqalar) qarzdorligi esa 12,5 milliard dollarga teng.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi qarzi haqida gapirdi