Markirovkalangan mahsulotlarni sotishda yangi talablar belgilandi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi chakana savdoda majburiy raqamli markirovkaga ega tovarlarni sotish bo‘yicha asosiy talablarni tushuntirdi. Markirovkalangan mahsulotlar hujjatlar bilan qabul qilinishi, elektron hisobvaraq-fakturada markirovka kodlari ko‘rsatilishi va sotish vaqtida kod skaner qilinishi kerak, deb xabar beradi UzDaily.uz.
Markirovkalangan tovar savdo nuqtasiga uning xarid qilinganini tasdiqlovchi hujjatlar bilan kelishi shart. Elektron hisobvaraq-fakturada mahsulotga tegishli markirovka kodlari ko‘rsatilishi lozim.
Majburiy markirovkadan o‘tishi kerak bo‘lgan mahsulotlarda «Asl belgisi» axborot tizimi orqali olingan Data Matrix kodi bo‘lishi talab etiladi. Tovar sotilayotganda ushbu kod 2D-skaner yordamida o‘qilib, kassa chekida aks ettirilishi va mahsulot muomaladan chiqarilishi kerak.
Suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilari uchun elektron hisobvaraq-fakturalarda markirovka kodlarini ko‘rsatish talabi 2027 yil 1 apreldan kuchga kiradi.
Chakana savdo subyektlari 2027 yil 1 yanvarga qadar markirovka kodlarini o‘qish qurilmalarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq summasini kamaytirishda hisobga olishi mumkin. Imtiyoz miqdori har bir qurilma uchun to‘rtta bazaviy hisoblash miqdori bilan cheklangan.
Onlayn nazorat-kassa mashinalari va kassa dasturlariga ham talablar qo‘yilgan. Agar markirovka kodi skaner qilinmagan yoki tizim bir xil kod takrorlanganini aniqlasa, chek berish avtomatik ravishda bloklanishi kerak.
2026 yil 1 iyuldan markirovkalangan mahsulot sotilganda uning kodi onlayn kassa chekida majburiy ravishda aks ettirilishi belgilangan. Kod bilan bog‘liq MXIK ma’lumotlari esa avtomatik shakllantiriladi.
Tovar qaytarilgan holatda qaytarish cheki rasmiylashtirilgandan so‘ng markirovka kodi avtomatik tarzda qayta muomalaga kiritiladi.
Suv va salqin ichimliklarning markirovka kodi shikastlangan bo‘lsa, ulgurji va chakana savdo korxonalari «Asl belgisi» tizimi orqali vaqtinchalik kod olib, tovarni shu kod bilan sotishi mumkin.

























Izohlar 0
…