1 531
Buxoroda o‘gay bolalarini urib, ularni qiynoqqa solgan va tanasini qaynagan suv bilan kuydirgan ayolga sud hukmi o‘qildi
Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida o‘gay bolalarini urib, qiynoqqa solgan va ularning tanasini qaynagan suv bilan kuydirgan 33 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi sudyasi Farrux Ikromov xabar berdi.
Peshko‘ tumanidagi «Xurram» MFY Kallasang qishlog‘ida tug‘ilgan ayol 2020 yilning may oyida turmushidan ajrab, bir nafar farzandini turmush o‘rtog‘i tarbiyasiga qoldirib, uyiga kelgan. Iyul oyida esa uch xotinidan ajralib, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yolg‘iz yashab kelayotgan 44 yoshli R.Ya. bilan turmush qurgan.
«Qaynukam odobli, mehnatkash inson. Taqdir taqozosi bilan to‘rt marotaba uylandi. Birinchi xotinidan farzandsizlik tufayli ajrashgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi ayoli yosh vafot etdi. Ko‘rgilikni qarangki, ulardan uch nafar farzand qoldi. Har uchala kelinimiz ham iymonli, insofli ayollar edi. Voyaga yetmagan bolalarim ona mehriga zor bo‘lmasin, ularni yuvib-tarasin, deya to‘rtinchi yosh juvonga uylandi. Hamma ko‘rguliklar shundan boshlandi»,— deydi sudda so‘z olgan R.Ya.ning kelinoyisi Gulnavoz Maqsudova.
Ma’lum bo‘lishicha, R.Ya.ning qarindoshlari Z.K.ni iliq qarshilashgan. Yetim bolalarga mehr ko‘rsatishini, qanday yordam kerak bo‘lsa, qo‘lidan kelguncha qo‘llab-quvvatlashi lozimligini bildirgan. Biroq Z.K. turmush o‘rtog‘i R.Ya.dan homilador bo‘lgan vaqtdan boshlab, uning voyaga yetmagan uch nafar farzandi — 13-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Sh.R., 4-sinf o‘quvchisi J.R. hamda 1-sinf o‘quvchisi V.R.larga nisbatan rahmsizlarcha munosabatda bo‘lib kelgan. Oilaning to‘ng‘ich qiz farzandi Sh.R.ni muntazam ravishda urib kelgan. Tanasining turli qismlariga qaynagan suv quyib, kuydirish orqali qiynagan. Uning oyoq, qo‘l va badanlariga qaynoq suv to‘kib, paypoq kiyib yurishga majburlagan va bu haqda biror kishiga bildirsa, uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
Voyaga yetmagan qiz qo‘rqqanidan jismoniy va ruhiy ruhiy azob chekayotgani haqida hech kimga aytmagan.
Kunlarning birida qiz o‘zidan kichik bo‘lgan ukasining kiyimlarini yerdan olib turgan vaqtda ayol uning sochidan sudrab urgan va itarib yuborgan. Qizaloqning ko‘zi shilinib, ko‘karib ketgan. Bundan tashqari, kenja ukasiga uydagi shirinliklardan olib bergani uchun qattiq do‘pposlagan. Kenja farzand oshxonadagi xamirni olib, g‘ijimlagani uchun uni ham yerda yotgan rezina shlang bilan urgan. Akasi «Ukamni urmang» deb zorlanib yig‘laganda, unga qo‘shib akasini ham urgan. Shu kuni kechqurun uch nafar voyaga yetmagan bolalarning qo‘lini eshik va derazaga bog‘lab, ertalabgacha shu holda qoldirgan.
«Z.K. o‘zining shafqatsiz xatti-harakatlarini davom ettirib, ertasi kuni voyaga yetmagan qiz Sh.R. idish-tovoqlarni yuvib turganida uni oshxona yonidagi uyga olib kirib, og‘ziga peshob qilgan. Keyin esa tashqariga olib chiqib, chelakda turgan issiq suvni ustiga sepib yuborgan. Sud oldi tergov ishlari davomida ayblanuvchining xatti-harakatlari, qabihliklari-yu, yetim bolalarning chekkan jabrlari ochiqlanar ekan, beixtiyor o‘zimning ham yig‘lab yuborganimni yashirmayman», — deydi sudya Farrux Ikromov.
Gulnavoz Maqsudovaning «Daryo»ga bildirishicha, qaynukasi Rossiyaga ishlash uchun ketgan vaqtda Z.K. voyaga yetmagan jiyani Sh.R.ning shilingan va ko‘kargan ko‘zlarini ko‘rib, o‘gay ona qo‘lida yashayotgan jiyanlarining ahvoli bilan qiziqa boshlagan.
«Bolalarni uyga olib kelar ekanmiz, har uchalasining ham badanlari shilingani, azbaroyi qaynoq suv to‘kilaverganidan momataloq bo‘lib qolganini ko‘rib, yuragimiz orqaga tortib ketdi. Inson ham shu qadar shafqatsiz bo‘ladimi? To‘ng‘ich qiz jiyanimizning oyog‘ini qaynoq suv bilan kuydirib kelgani yetmagandek jarohat ustidan paypoq bilan yashirishga majburlab kelganini nima deyish mumkin? Qizaloqning qo‘rquvdan hech kimga aytmay, og‘riqlarga chidab, kuygan va terilari shilingan holda oyog‘iga paypoq bilan maktabga ham qatnaganini so‘z bilan ifodalash qiyin», — deydi Gulnavoz Maqsudova.
Gulnoza Maqsudova kelinining kirdikorlarini qarindosh-urug‘lariga bildirgan. Qarindoshlari zudlik bilan yetib kelgan va bu haqda huquq-tartibot idoralariga bildirib, Z.K.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi yuzasidan ko‘rsatma bergan.
«Sud, tergov organi tomonidan sudlanuvchi Z.K.ning voyaga yetmagan bolalarni muttasil ravishda urib qiynaganlikda ifodalangan harakatlari Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi ‘a’ (qiynash) bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilindi. Biroq Jinoyat kodeksining 55-moddasiga (jazoni yengillashtiruvchi holatlar) asosan unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ammo u bundan ortiq jazoga munosib edi. Afsuski, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi bois unga qamoq jazosini qo‘llay olmadik», — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi sudyasi Farrux Ikromov. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi