1 324
Andijonda bloger hokim yordamchisi videosini internetda tarqatmaslik evaziga undan 300 dollar talab qilgani aytilmoqda
Hojimurod Umrzoqov
Ijtimoiy tarmoqlarda dastlab Izboskan tuman hokimi yordamchisi ish vaqtida oyog‘ini uzatib, fuqaro bilan bepisand munosabatda bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Shundan so‘ng hokim yordamchisi esa bloger videoni tarqatmaslik uchun undan 300 dollar pul so‘ragani aks etgan audio tarqaldi. «Daryo» muxbiri voqeaga aniqlik kiritish maqsadida jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.
Izboskan tumani hokimi yordamchisi Hojimurod Umrzoqovning aytishicha, u 2021 yilning noyabr oyidan buyon hokim yordamchisi vazifasida ishlab kelgan. Shu vaqt davomida bloger undan bir necha marotaba pul so‘rab murojaat qilgan. U esa yordam berib kelgan. So‘nggi paytlarda esa blogerga moliyaviy ko‘mak berolmay qolgan. 2022 yilning 6 iyun kuni ham xalqaro blogerlar kuniga biror narsa qilib berishini so‘raganida, hech narsa qilib berolmasligini bildirgan.
«U yigit menga yaqin qo‘shni mahallada turadi. Yoshligidan taniyman, gaplashib turardim. Tumandagi tadbirlarda ko‘p ko‘raman. Ukam sifatida hurmatini ham, izzatini ham joyiga qo‘yaman. Vaqti kelsa, forum yoki biror joyga boradigan bo‘lsa, mablag‘ tomondan yordam so‘rab ham kelgan. O‘shandan aka-ukachilik yuzasidan bir-ikki so‘m pul berardim. U esa buni noto‘g‘ri tushungan, shekilli, meni qo‘rqqanidan pul beradi deb o‘ylaganmi, bilmadim. Bunga isbotlarim ham bor.
Xullas, o‘sha kuni obodonlashtirish xodimlari bilan birga kun bo‘yi ko‘chada tik oyoqda yurgandim. 17:25 lar atrofida xonaga kirsam, Muhammadyusuf o‘tirgan ekan. O‘zim bilan salqin ichimlik va qurt olib kirgandim. Uyoq-buyoqdan gaplashgan bo‘ldik. Keyin u menga ‘ayrimlarning ishlari’ haqida gapirib ketdi. Mening jahlim chiqib, ‘uka, to‘g‘ri sen blogersan, lekin ota-onang bor, ertaga uylanishing bor, hali kichkinasan, bu qilayotgan ishlaring yaxshi emas’, deb qattiq gapirdim. Bunaqa gaplarni bu yerda gapirmasligini, yo‘qsa bu yerdan chiqib ketishini aytdim. Oldin ham bu holat ko‘p bo‘lgandi. Shu payt mendan qurt so‘radi. Senga qurt yo‘q, deb hazillashdim. Yonimda yordamchim ham bor edi. Bu gaplardan uning ham xabari bor.
Lekin o‘shanda Muhammadyusuf ham s’yomka qilayotgan ekan. Haqiqatan ham men oyog‘imni ko‘tarib o‘tirgandim. S’yomka qilayotganini bilib ham, tushirmadim. U mendan blogerlar kuniga tadbir qilib berishimni so‘radi, men qilib berolmasligimni, bunga imkoniyatim yo‘qligini aytdim. Bundan avval Ramazon oyida ham 10 nafar blogerga iftorlik qilib berishimni so‘raganda rad javobini bergandim. Haqiqatan ham imkonim yo‘q edi. Bu safar ham yo‘q deganim uchun mendan pul undirmoqchi bo‘lganmi, nimani xohlagan, bilmadim. Nima bo‘lsa ham, men bilan bir mahallada yurgan yigitdan bunday ishni kutmagandim. Shu suhbatdan so‘ng atrofni, sochilib yotgan qog‘ozlarni va meni tasvirga ola boshladi. E’tibor bermadim, chunki yerdagi qog‘ozlarni ham o‘zi, mening stolimga aylanib o‘tib, o‘zi uchun ichimlik quyib olayotgan paytda tushirib yuborgan. O‘sha kuni ishdan oldirish bilan qo‘rqitgan edi. Mana, ishdan ham olindim. Shaxsan o‘zim hech narsa yo‘qotganim yo‘q. Ish topiladi, ammo ertaga ko‘z-ko‘zga tushishi bor», — deydi ishdan bo‘shatilgan hokim yordamchisi Hojimurod Umrzoqov.
Muhammadyusuf Yo‘ldoshev.
Foto: Telegram
Bloger Muhammadyusuf Yo‘ldoshev esa o‘sha kuni haqiqatan ham «Menga 300 dollar ber. Sening videoyingni chiqarmayman», degan fikrni bildirganini tan olib, bu gaplarni kinoya-hazilomuz tarzida gapirganini aytmoqda.
«O‘sha kungi holat quyidagicha bo‘lgan. Otabek degan do‘stim bor. Hokimiyatda ishlaydi. Hojimurod ‘pomoshnik‘ning yordamchisi bo‘lib yuradi. O‘sha oshnamning oldiga chiqqanman. Gaplashib o‘tirgan vaqtimizda Hojimurod kirib kelgan. Kirib kelishi bilan do‘q-po‘pisalar qilib, so‘kinib, aynishni boshlagan. Bu bo‘yicha menda hozircha aniq isbot yo‘q. Lekin shunday qilgan. Bundan jahlim chiqqan. Keyin orada hazil-huzullar bo‘lgan. Shu hazil vaqtida hujjatlar pastga tushib ketgan. Bunda yuz foiz mening ham, uning ham aybi yo‘q deb bilaman. Chunki bu yerda hujjatlar aynan uyushtirilgan narsa emas.
Shu jarayondan keyin men o‘tirish holatlarini tasvirga olganman. Sababi uning oldimda bunday o‘tirishi yoqmagan. Yoqmaganidan keyin uni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarib yuborganman. Bir necha kunlar o‘tgandan keyin, kuni kecha holatdan so‘ng o‘sha vaqtda videoyim tugagandan keyin u ham yozib olishni boshlagan ovozlar tarqaldi. Yozishni boshlagan vaqtida ovoz eshitilgan. Shunda ham atayin gapirishni boshlaganman. ‘Menga 300 dollar ber. Sening videoyingni chiqarmayman’, degan gapni gapirdim. Ana shu gap-so‘zlardan keyin ham u bilan anchagina suhbat davom etgan. Adashmasam undan keyin ham davomi bo‘lgan. Keyin qaytib kelgan bo‘lishim kerak. Bu videodan keyingi ovozlarni yozmagan. Xullas, holat shunaqa bo‘lgan. U yerdagi gaplarni kinoya-hazilomuz tarzida gapirganman. Meni biladigan, yaxshi taniydiganlar bo‘lsa bunaqa hazil qilishimni va bunaqa ohangda gapirishimni juda yaxshi bilishadi», — deydi bloger Muhammadyusuf Yo‘ldoshev.
Izboskan tumani hokimligi axborot xizmati ushbu holatga munosabat bildirgan. Munosabatda hokim yordamchisi lavozimidan ozod etilgan, qolgan xodimlar esa tartibga chaqirilgani ma’lum qilingan.
«Mazkur video joriy yilning 6 iyun kuni Yo‘ldoshev Muhammadyusuf tomonidan tasvirga olingan. Videolavhada hokim yordamchisi Umrzoqov Hojimurod hokimiyat ichki tartib-qoidalariga zid tarzda etika va estetika qoidalariga amal qilmay, hujjatlarning sochilgan holatlariga ham qaramay o‘tirgan jarayoni ko‘rsatilgan. Mana shu holat esa tasvirga yozib olingan. Shu o‘rinda oddiy haqiqatni ham aytish lozimki, yerda sochilgan turli hujjatlar tasvirga oluvchi tomonidan tushirilgan (tasvirchining bu holatni o‘z bo‘yniga olgan audio yozuvlari mavjud).
Videotasvir esa 15 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda aylanishni boshlagan. Mazkur holat bo‘yicha tuman hokimi Serobiddin Ismoilov hokimiyat tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xodimlar: o‘rinbosarlar, bo‘lim boshliqlari, sho‘’ba mudirlari, mutaxassislar hamda texnik xodimlar uchun yig‘ilish o‘tkazdi. Mazkur yig‘ilishning maqsadi esa kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan bo‘ldi. Tuman hokimi mazkur holat barchaga dars bo‘lishini, tuman hokimiyati binosi hududida tartib-qoida hamda etika va estetika qoidalariga qat’iy amal qilish, kuchli intizomni shakllantirish, tuman hokimiyati binosiga keluvchi barcha fuqarolar bilan sog‘lom muomala madaniyatini kuchaytirish kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma topshiriqlarini berdi.
Yig‘ilish yakunida, bunday holatni takrorlamasligi uchun barchani qat’iy ogohlantirdi va yakuniy qaror e’lon qilindi. Unga ko‘ra hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Hojimurod Umrzoqov 16 iyun kunidan egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — deyiladi hokimlik munosabatida. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar