19:28 / 04.07.2023
723

Milliy gvardiya sotib olayotgan donasi 2 mlrd so‘mlik otlar: nega bu darajada qimmat?

Milliy gvardiya sotib olayotgan donasi 2 mlrd so‘mlik otlar: nega bu darajada qimmat?

Milliy gvardiya qoshidagi ot sporti bo‘yicha Oliy sport maktabi 10 bosh ot sotib olish uchun boshlang‘ich summasi 23,3 milliard so‘m bo‘lgan tender e’lon qildi. “Daryo” hujjatlarni monitoring qilgan holda har biri o‘rtacha 2 milliard so‘m turadigan bu otlar haqida ma’lumot beradi.

Tender boshlanish sanasi 23-iyun bo‘lib, ishtirokchilarni ro‘yxatga olish ishlari 21-iyulgacha davom etadi. Boshlang‘ich summa 23 milliard 305 million 391 ming 62 so‘m ekanidan har bir otning narxi 2,3 milliard so‘m ekanini payqash mumkin.

Bir bosh ot uchun 2,3 milliard so‘m me’yordan ortiq darajadagi katta summa emasmi? U otlarning o‘ziga xosligi nimada? Aynan qay maqsadda foydalaniladi ulardan? Shu savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Boshlang‘ich narx xorijiy valyutada 2 million 35 ming 400 dollarni tashkil etadi, QQS hisobga olingan holatda.

Texnik hujjatlarga ko‘ra, jonivorlar Yevropa issiq qonli toza zot otlari bo‘lishi kerak. Chunki bu Xalqaro ot sporti federatsiyasining talablariga mos keladi.

Skrin: Texnik topshiriq

10 bosh ot uch xil yo‘nalish bo‘yicha tanlab olinadi:

  • konkur yo‘nalishida — 3 bosh ot — Grand Pri darajasida 2 yoki undan yuqori yulduz;
  • ot yo‘rttirish yo‘nalishida — 3 bosh ot — Kichik, o‘rta yoki katta mukofot darajasi;
  • triatlon — 4 bosh ot — 2-darajali va undan yuqori yulduz.

Otlar Xalqaro ot sporti federatsiyasi pasportiga ega, so‘nggi olti oy ichida uch xil gripp va kasalliklarga qarshi emlangan bo‘lishi shart. Shuningdek, Yevropa issiq qonli toza zotli chempion otlari quyidagi xulq-atvor va sifatlarga ega bo‘lishi lozim:

  • mustahkam va barqaror xarakterga ega;
  • fe’l-atvori muvozanatli;
  • xushmuomala;
  • tana ko‘rinishi yaxshi;
  • kasallik va yomon odatlarsiz.

Otlarning veterinariya xizmatidan foydalangani, salomatligi yaxshi ekani tekshirilib, klinik oqsoqlik testlaridan o‘tkazilgani aniqlanadi. Shuningdek, Xalqaro ot sporti federatsiyasi bazasi orqali avval erishgan yutuqlari bo‘yicha ma’lumotlar o‘rganiladi.

Otlar 7 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lishi kerak. 10 bosh jonivor ichiga ayg‘irlar, tulpor va toychoqlar kiradi.

Bu otlar nega sotib olinyapti?

Ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi chavandozlari xalqaro musobaqalarga (Jahon kubogi, Millatlar kubogi, Yevrosiyo kubogi, Jahon chempionati va Osiyo o‘yinlari bosqichlari) tayyorlanishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun.

Prezident farmoni

Ta’kidlanishicha, bu xaridlar Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda. Farmonda “xalqaro ot sporti talablarga javob beradigan toza zotli 10 bosh ot” sotib olish bo‘yicha topshiriq berilgan bo‘lib, xarid “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning homiylik mablag‘laridan moliyalashtirilishi belgilangan.

Yuk tashish talablari

Otlar qay tarzda yetkazib beriladi? Qayd etilishicha, otlar murabbiylar va mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganda umumiy salomatlik holati qoniqtirsa, yuqoridagi barcha talablarga mos kelsa, jonivorlar Toshkent shahriga havo transportida olib kelinadi. Bojxona rasmiylashtiruvidan so‘ng, otlar 30 kun davomida karantinda bo‘ladi. Shundan keyin ulardan foydalanish boshlanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Milliy gvardiya sotib olayotgan donasi 2 mlrd so‘mlik otlar: nega bu darajada qimmat?
ePN