15:51 / 11.07.2023
204

Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash yoki to‘lash tartibi qanday?

Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash yoki to‘lash tartibi qanday?

Pensiya jamg‘armasi fuqarolarning bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam olish bo‘yicha yo‘llagan savollariga javob berib kelmoqda. “Daryo” mazkur savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Bola pulini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam olish uchun ariza va hujjatlar fuqaroning doimiy yoki vaqtincha yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘iniga (MFY) taqdim etiladi. Ariza MFY tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi. Bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ism-sharifi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashda oilaning har bir mehnatga layoqatli yoshdagi aʼzosini rasmiy daromad manbalariga egaligini aniqlashtirish talab qilinadi. Belgilangan mezonlar asosida oilani kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Ariza bilan murojaat qilingach, bola puli qachondan tayinlanadi?

Kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilaga har oyning 16-sanasiga qadar bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uchun belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.

Kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilaga tuman (shahar) mahalliy budjetida nazarda tutilgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda, unga bolali oilalarga nafaqa avtomatik ravishda keyingi oyda qayta ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi. Biroq, ariza berilgan oydan uch oy o‘tgandan so‘ng ariza beruvchi qaytadan ariza berish yo‘li bilan nafaqa olish istagini tasdiqlashi shart.

O‘tgan davrda olinmagan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam qay tartibda to‘lanadi?

Bir oy ilgari olinmagan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam puli joriy oyda to‘lov ro‘yxatlariga kiritiladi. Keyin tayinlangan va o‘z vaqtida olinmagan pullar o‘tgan davrlarda hisoblangan miqdorlarda butun davr uchun nafaqa yoki moddiy yordamni olish muddati tugaganidan so‘ng uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatda bir yo‘la to‘lanadi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lov oyining 4-sanasidan 27-sanasiga qadar to‘lanadi.

Bola puli naqd shaklda to‘lanadimi yoki plastik kartalar orqalimi?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam AT “Xalq banki”ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (plastik kartalari) orqali to‘lanadi.

2021-yil 1 sentabrdan boshlab bolalar nafaqasi to‘lovlarining har oylik miqdori quyidagicha belgilangan:

  • 250 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun;
  • 325 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun;
  • 150 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha;
  • 100 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun.

Bolalar nafaqasi tayinlangan oilada bolalar soni o‘zgargan taqdirda nafaqa qayta hisoblanadimi?

Bolalar nafaqasi tayinlangan oilada bolalar soni o‘zgargan taqdirda (navbatdagi bola tug‘ilganda, 18 yoshgacha bolalardan biri vafot etganda, bola (bolalar) 18 yoshga to‘lganda va shu kabilar), nafaqa miqdori bolalarning tegishli sonidan kelib chiqib, keyingi oydan boshlab qayta hisoblanadi.

Bola puli olishni davom ettirishga muhtoj bo‘lgan shaxs to‘lovni davom ettirish uchun qancha muddatda qayta ariza bilan murojaat qilishi mumkin?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lanishini yangi muddatga davom ettirish uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Bunda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan ushbu nafaqani yoki moddiy yordamni to‘lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyda beriladi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi vafot etgan taqdirda to‘lov qanday amalga oshiriladi?

Ariza bergan shaxs vafot etgan taqdirda, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oilaning muomalaga layoqatli aʼzosiga yoki qonuniy vakiliga to‘lanadi. Bunda oilaning muomalaga layoqatli aʼzosi yoki qonuniy vakili tegishli arizani va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, mavjud bo‘lganda — vasiylik yoki homiylikni tayinlash to‘g‘risidagi qaror nusxasini AT “Xalq banki”ning tegishli filialiga taqdim etishi orqali tayinlangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olishi mumkin.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi qanday hollarda to‘xtatiladi?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

  • qonun hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugaganda;
  • ariza beruvchi yoki boshqa muomalaga layoqatli oila aʼzosining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga to‘lov to‘xtatilishini so‘rab ariza taqdim qilinganda;
  • doimiy yashash uchun O‘zbekiston hududidan tashqariga ko‘chib ketganda;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi yoki manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik tizimidagi texnik nosozlik natijasida, maʼlumotlar elektron ravishda to‘liq yoki qisman taqdim etilmagani sababli, shuningdek, arizani kiritishda va boshqa texnik xatolar oqibatida noto‘g‘ri tayinlangani aniqlangan taqdirda. Ushbu holatda o‘tgan davrda to‘langan mablag‘lar qaytarilmaydi;
  • tegishli to‘lovlarni tayinlash to‘g‘risidagi qarorga taʼsir ko‘rsatgan ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri va ishonchsiz maʼlumotlar taqdim etilgani yoki to‘liq taqdim etilmagani aniqlanganda.

Shuningdek, ortiqcha to‘lovlar aniqlanganda ham bola puli berish vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda to‘lovlar kam taʼminlangan oilaga kelgusi oylarda to‘lanishi lozim bo‘lgan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam va kompensatsiya uchun mablag‘lar hisobiga qayta hisob-kitob qilingandan so‘ng qayta to‘lovlar amalga oshiriladi.

Bola puli tayinlash qay hollarda rad etiladi?

Hukumatning 2021-yil 21-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda oilada rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan, oxirgi 6 oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan, mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila aʼzosi mavjud bo‘lgan hollarda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad qilinadi. Nizomning ushbu talabi bola 3 yoshga to‘lgunicha parvarish qilayotgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga), rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash yoki to‘lash tartibi qanday?
ePN