date
views 308

O‘zbekistonda 50 dollardan kam pensiya oluvchilar soni ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 50 dollardan kam pensiya oluvchilar soni ma’lum qilindi

Pensiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, respublikada 652,9 ming nafar pensionerning oladigan pensiyasi 50 dollarga ham yetmaydi.

2023 yil 1 iyul holatiga ko‘ra eng yuqori ish haqi bilan pensiya (hisoblangan) tayinlangan fuqarolar 401,9 ming nafarni va eng kam miqdorda pensiya oluvchilar 652,9 ming nafarni tashkil etadi.

Eng kam pensiya va nafaqa miqdorlari O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 28 martdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF-45-son farmoni hamda 2023 yil 28 iyuldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-120-sonli farmoniga muvofiq minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi, deya ma’lum qildi jamg‘arma.

Statistika agentligi O‘zbekistonda 2023 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming so‘mni (47 dollar) tashkil etishini xabar qilgan.

Bu yuqorida ochiqlangan 652,9 ming fuqaro olayotgan eng kam miqdordagi pensiya 50 dollarga ham yetmasligini anglatadi.

Ma’lumot uchun, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan. Respublikada 2022 yilda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 498 ming so‘m etib belgilangandi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 440 ming so‘mni tashkil etgan.

2023 yil 1 iyul holatiga Pensiya jamg‘armasidan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 4 million 470 ming 29 nafarni tashkil qiladi. Shundan pensiya oluvchilar 3 million 854 ming 614 nafarni, nafaqa oluvchilar 615 ming 415 nafarni tashkil qiladi.

Joriy yilning yanvar iyun oylarida yangi tayinlangan pensiyalar va nafaqalar:

  • yoshga doir pensiyasi oluvchilar – 121 620 nafarni;
  • nogironlik pensiyasi oluvchilar – 15 326 nafarni;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilar – 9 255 nafar oilani;
  • shuningdek, nafaqalar – 55 015 tani tashkil etdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 50 dollardan kam pensiya oluvchilar soni ma’lum qilindi