date
views 161

Toshkentda inson a'zolari oldi-sotdisi bilan shugʻullangan talaba jinoiy jazoga tortildi

Toshkentda inson a'zolari oldi-sotdisi bilan shugʻullangan talaba jinoiy jazoga tortildi
Foto: Ben Edwards
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi B.A. inson a'zolari oldi-sotdisida ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2003 yilda tugʻilgan B.A. moʻmay daromad orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga inson a'zolarini sotib olishi haqida e'lon joylashtirgan. U tarqatgan e'lonlarida buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.

Ushbu e'londan soʻng unga a'zolarini sotmoqchi boʻlganlar aloqaga chiqa boshlagan. Jumladan, fuqaro J.R. u bilan muloqotga kirishgan. B.A. unga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini aytgan.

Sheriklarim Germaniyada. Buyrakni koʻchirib oʻtkazish oʻsha erda amalga oshiriladi. Buning uchun Germaniyaga borishingiz kerak. Safar uchun oldindan 350 dollar berishingiz kerak”, degan talaba fuqaroga.

B.A. 2024 yil 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida J.R.dan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhoqaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Talaba sudda bu ishni pulga muhtoj boʻlib qolgani sabab qilganini, aslida Germaniyada hech qanday tanishlari yoʻqligini, 350 dollarni ehtiyojiga ishlatib, keyin qaytarib bermoqchi boʻlganini bildirgan. Shuningdek, u akasi, singlisi va oʻzi talaba ekanini, barchasi kontrakt asosida oʻqishlarini aytib, suddan oʻziga engillik berishni soʻragan.

Bu ish orqali yaxshigina daromad koʻrish mumkinligini eshitgandim. Telegram’dagi “buyrak sotish” guruhiga kirib, kim buyragini sotmoqchi boʻlsa xaridor topib beraman, degan ma'noda e'lon qoldirdim. Oradan taxminan 4-5 kun oʻtib menga bir nechta fuqaro aloqaga chiqdi. Ularga tana a'zolarini koʻchirib oʻtkazishlari uchun Germaniyaga borishlari kerakligini, u erdagi shifoxonalarda tanishlarim borligini, oʻzlari kutib olgan holda barcha xarajatlarini qoplab berishlarini, faqat chipta uchun oldindan 350 dollar toʻlashlarini aytdim.

Aslida maqsadim pulni qoʻlga kiritib, keyinchalik ish oʻxshamaganini aytgan holda qaytarib berish edi. Germaniyada hech qanday shifoxona yoki tana a'zolarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tanishlarim yoʻq
”, degan u suddagi koʻrsatmasida.

Sud hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a'zolarining va (yoki) toʻqimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda inson a'zolari oldi-sotdisi bilan shugʻullangan talaba jinoiy jazoga tortildi