
Foto: “Daryo”
Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida 2023 yilning sentyabr oyida sodir boʻlgan portlash voqeasida aybdor deb topilganlarga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda sud ishida qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
2023 yilning 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida Inter Logistics MChJga qarashli omborxonada kuchli portlash va yongʻin sodir boʻlgandi. Jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafar boʻlib, bir nafar oʻsmir hodisa oqibatida vafot etgandi. Koʻp oʻtmay mazkur ish boʻyicha tuzilgan hukumat komissiyasi axboroti e'lon qilindi va 4 kishi qamoqqa olingani ochiqlandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida sudya Dadaboeva raisligida mazkur ish koʻrib chiqilib, 4 nafar sudlanuvchining har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud hukmiga koʻra, Inter Logistics MChJ direktori F.S. Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybli deb topilib, ikki yil rahbarlik va yongʻin xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Inter Logistics MChJ qoʻriqlash (harbiylashgan, yongʻindan saqlanish, qorovullik) boshligʻi F.A. ham Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybli deb topilib, u ham shu modda bilan ikki yil rahbarlik va yongʻin xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan, shuningdek, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Foto: “Daryo”
Polychem MChJ direktori S.B. va ombor mudiri N.K. ham Jinoyat kodeksining aynan shu moddalari bilan aybli deb topilib, ularga ham 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkumlar tayinlangan jazoni manzil koloniyada oʻtashi belgilandi.
Fuqaroviy da'vogarlar va jinoyat ishida jabrlanuvchilar deb e'tirof etilgan Stal Service MChJ, “Aki-Ort” MChJ va Azimut Simersan MChJ shaklidagi xorijiy korxonaning sudga kiritgan da'vo arizalari qanoatlantirildi.
Jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogarlarga Inter Logistics MChJ va Polychem MChJdan 282 milliard soʻm mablagʻ solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Sergeli TumaniPortlash VoqeasiOzodlikdan MahrumJinoyat KodeksiSud HukmiFuqaroviy Da'vogarlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing