date
views 3 097

Rasul Kusherbayev oʻzbeklarni itga tenglashtirgan rossiyalik haqida nimalar dedi? (video)

Rasul Kusherbayev oʻzbeklarni itga tenglashtirgan rossiyalik haqida nimalar dedi? (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi ekanligi aytilayotgan shaxsning oʻzbekistonliklarni itga tenglashtirib gapirgan videosi tarqalmoqda. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida qator muhokamalarga sabab boʻldi.

Jumladan, ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev videomurojaat qildi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston qonunchiligida millatlararo adovat qoʻzgʻashga qaratilgan holatlar boʻyicha javobgarlik mavjud. Shu bilan birga, xalqaro normalarda ham insonning kelib chiqishidan kamsitish, haqorat qilish, noinsoniy munosabat qilish mumkin emasligi koʻrsatilgan.

Bugungi rus jamiyatining aksariyati ilgarigi rus jamiyatidek emas. Bugun ular alamlarining, yoʻqotishlarining, magʻlubiyatlarining zahrini kimga sochishni bilmayotgan jamiyat. Va harbiy mafkura bilan yashayotgan jamiyat. Markaziy osiyoliklarni, bir vaqtlar koloniya qilib bosib olib foydalangan bu xalq, koʻpchiligi hali ham oʻzining shovinistik qarashlaridan voz kechmagan. Juda ham hurmatli insonlari, teng munosabat qiladigan, ziyolilari bor. Shu bilan birga, millatchilari ham uygʻonib kelyapti. Bugungi kunda ularning safi koʻpayib boryapti.

Endi bir kami itga tenglashtirish qolgandi oʻzbekistonliklarni. Bu safar ham Tashqi ishlar vazirligimiz jur'atsizlik qilib, mum tishlab oʻtiradigan boʻlsa, bilmadim, bunaqa noinsoniy, pastkash munosabatning chegarasi koʻrinmayapti. Agar biznikilar birortasi rus millati vakilini itga, choʻchqaga yoki biror narsaga tenglashtirib internetga tarqatsa, bilasizmi, qanaqa javobgarlik boʻladi, qanaqa reaktsiya qilinadi?!

Toshkentdagi maktabda rus tili oʻqituvchisi bilan bogʻliq muammo kelib chiqqanida Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova chiqib izoh soʻragandi
”, deydi Rasul Kusherbayev.

Uning aytishicha, bu erda butun millat tahqirlanyapti, kamsitilyapti.

Bilmadim, shunda ham Tashqi ishlar vazirligimiz indamay kuzatib, ularga paxta qoʻyish bilan ovora boʻlsa, bilmadim, ertaga bundan battar narsalarga tenglashtiriladi. Xalqaro shartnomalarimiz bor, davlatlararo munosabatlar bor. Biz kelishganmiz-ku, oʻrtamizdagi hamma hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar bormi, hammasi oʻzaro tenglik, bir-birini hurmat qilish asosida boʻladi, bir-birimizni kamsitmaymiz deganmiz. Davlatlararo munosabatlarda tengmiz, deb tan olingan-ku”, deya qoʻshimcha qiladi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev rossiyalik siyosatchilar qilayotgan pastkash munosabatlarga Tashqi ishlar vazirligi, vakolatli idoralar biror marta normal darajada munosabat qilmaganini aytib oʻtdi.

Tashqi ishlar vazirligimiz uxlamasdan, jur'atni yigʻib chora koʻrsin, shunda odamlar ham tinchlanadi”, deydi u.

Oʻzbekistonda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari

Avvalroq “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonunga Oʻzbekiston xalqining sha'nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning “Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilgandi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni roʻyxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining, Senati kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toshkentdagi maktabda sodir boʻlgan holat

2024 yilning sentyabr oyida Toshkentning Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili fani darsida oʻqituvchi 6-sinf oʻquvchisini urdi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab boʻldi. Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida yozilishicha, oʻqituvchi rus sinfiga darsni oʻzbek tilida oʻtgan. Oʻquvchi darsni rus tilida oʻtishni soʻragan. Shundan soʻng videoda aks etgan holat yuz bergan.

Mariya Zaxarova Rossiya Oʻzbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar koʻrishni soʻraganini aytdi. “Bu masalani diqqat-e'tiborimiz markazida tutamiz”, dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, bolani urgan ayol sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, videodagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir boʻlgan. Voqeadan xabar topgan oʻquvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Shu bilan birga, ushbu ayol boshqa bir qancha huquqbuzarliklar sodir etgani aniqlandi. Qizi oʻqiydigan boshqa maktabda maktab direktori oʻrinbosari boʻlgan ayolga jismoniy kuch ishlatgan, Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan gʻayriijtimoiy munosabatda boʻlib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik koʻrsatgan.

Bunday qilmishi uchun unga 25 sentyabr kuni 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 soʻm) va BHMning 7 baravari (2 380 000 soʻm) miqdorida jarima jazosi tayinlangandi.

Manba: Daryo.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev oʻzbeklarni itga tenglashtirgan rossiyalik haqida nimalar dedi? (video)