Oʻzbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada koʻpaygan, deb xabar bermoqda ombudsman matbuot xizmati.
Ma'lum qilinishicha, 2024 yilda ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bogʻliq. 2023 yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2024 yilda bu raqam 42 foizga oshgan.
Murojaatlarning 60 foizida oʻzini Click kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalangan holda onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.
Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablagʻlaridan oʻzlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy da'vogar deb topilgani, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni toʻxtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan.
Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining oʻz yurituvidagi ish boʻyicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni toʻlash talab qilib kelinmoqda.
Ombudsman tomonidan ushbu yoʻnalishdagi murojaatlar boʻyicha fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga 5 ta da'vo arizalari kiritilib, banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablagʻlari uning foydasiga qaytarilib, ma'naviy zarar undirilishiga erishilgan.
Qayd etilishicha, mazkur sohadagi muammolar bilan bogʻliq murojaatlarning oʻsishini asosan aholining ehtiyotsizligi, axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarining etarli emasligi sabab boʻlmoqda.
“Bir narsani yodda tutish zarurki, axborot texnologiyalar rivojlangan sari, yangidan yangi aldov va firib berish usullari ham oʻylab topilmoqda”, deyiladi ombudsman xabarida.
Shuningdek, firibgarlik holatlaridan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilishni tavsiya etdi:
- pasport ma'lumotlari, bank kartalari raqami va PIN kod kabi shaxsiy ma'lumotlarni hech kimga oshkor qilmang;
- shaxsiy ma'lumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki noma'lum shaxslarga yuborishdan saqlaning;
- telefonga kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish ma'lumotlarini hech kimga aytmang;
- ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan notanish fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang (ular virus yoki zararli dastur boʻlishi mumkin);
- notanish raqamlar, xususan, chet el raqamlaridan kelgan qoʻngʻiroqlar va videoqoʻngʻiroqlarga javob bermang;
- agar kimdir oʻzini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, ularning shaxsini tasdiqlash uchun rasmiy kanallar orqali ma'lumot oling;
- ogoh va ehtiyotkor boʻling.
Oʻzbekistonda firibgarlar tomonidan fuqarolar nomiga onlayn kredit olish jinoyati koʻpaygani sabab 2024 yil 1 noyabrdan 2025 yil 1 aprelgacha banklarda onlayn kredit ajratish boʻyicha vaqtinchalik tartib yoʻlga qoʻyilgandi. Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga koʻra, 2024 yilda firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 milliard soʻm miqdorda moddiy zarar etkazilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar