
Davlat rahbari katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «So‘nggi qo‘ng‘iroq» arafasida maktablarni bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga tabrik yo‘lladi.
«Avvalo, siz, azizlarni hayotingizdagi bugungi unutilmas quvonchli voqea – maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, yetuklik shahodatnomasini qabul qilib olayotganingiz va mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu shukuhli ayyomda mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktabda mehribon ustozlar, hurmatli ota-onalar ishtirokida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlarimiz sha’niga ezgu tilaklar bildirilmoqda. Barchamiz bu fikrlarga chin dildan qo‘shilgan holda, katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarimizga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilaymiz», deyiladi tabrik so‘zida.
Qayd qilinishicha, bu yil maktablarni 11 ming 500 nafardan ziyod o‘quvchi oltin medal bilan tugatadi, 2 mingdan ortig‘i kumush medal oladi.
«Kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlodimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Jumladan, sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va natijadorligini oshirish, bitiruvchi yoshlarimizga tanlov imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi-yangi tizim va dasturlar, elektron platformalar ishga tushirilmoqda. Sizlar ana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yoshlik faslining oltinga teng har bir daqiqasini qadrlab, kelgusida Vatanimiz mustaqilligini, el-yurtimiz manfaatlarini barcha sohalarda dadil himoya qiladigan yetuk kadrlar, ongli va olijanob insonlar bo‘lib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilasiz, deb ishonaman», deyiladi tabrik so‘zida.
Prezident odamzot hayotda munosib o‘rin topishi, el-yurtning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va o‘rganishdan aslo to‘xtamasligi kerakligini ta’kidladi.
«Halol va mashaqqatli mehnat, ilmga, kasbga, ota-ona va oilaga sadoqat, hech shubhasiz, insonni yuksaltiradi, uning hayotini fayzli va charog‘on etadi. Ayniqsa, sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizga shiddatli zamondan ibrat olib, har kuni bir natijaga erishib, irodangizni sinovlarda toblab, faqat va faqat oldinga qarab borish yarashadi. Aminman, sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, turli sohalardagi yutuqlaringiz Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli etadigan moddiy va ma’naviy asoslarni barpo etishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi. Sizlardek o‘z kuchiga ishongan, qat’iyatli yoshlardan qadrdon maktabingiz, aziz ustozlaringiz va ota-onalaringiz, butun xalqimiz faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi. Ana shunday yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling! Intilish, izlanish va yangilik yaratishdan aslo charchamang! Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!», deyiladi tabrik so‘zida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar