Ta’limsizlik, oilaviy kelishmovchilik yoki ruhiy nosog‘lomlik sababli bolalarning o‘z oilasida zo‘ravonlikka uchrashi afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilayotgan holatlardan biriga aylangan. Endi esa, bu kabi holatlarga qarshi davlat darajasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Yaqinda tasdiqlangan hukumat qarori asosida, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash va kerak bo‘lsa, hatto bolani zo‘ravon ota-onasidan ajratib qo‘yish imkonini beruvchi nizom tasdiqlandi.
Bu qarorga ko‘ra, agar bola zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa yoki bunday tahdid ostida ekani ma’lum bo‘lsa, u yoki uning qonuniy vakili “Inson” markazi, ichki ishlar idoralari yoki boshqa mutasaddi organlarga murojaat qilishi mumkin. Murajaatlar esa endi jiddiy va tezkor tarzda ko‘rib chiqiladi.
Bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlarni aniqlash maqsadida “Inson” markazi tomonidan maxsus dastlabki baholash o‘tkaziladi. Unga ko‘ra xavf darajasi “past” yoki “yuqori” deb baholanadi. Agar xavf “yuqori” deb topilsa, unda quyidagi qat’iy choralar ko‘riladi:
Zo‘ravon shaxs vaqtincha ma’muriy tartibda ushlab turiladi yoki unga nisbatan majburlov choralari qo‘llaniladi;
Bolaning o‘ziga yoki qonuniy vakiliga himoya orderi beriladi;
Eng keskin chora — bolani ota-onasidan (yoki boshqa vasiylik qiluvchi shaxslardan) olib qo‘yish va uning xavfsiz joyga joylashtirilishi ta’minlanadi.
Buning uchun endi bola doimiy ravishda davlat nazoratida bo‘ladi. Agar vaziyat bartaraf etilsa ham, “Inson” markazi tomonidan bola 14 kun ichida yanada chuqurroq baholashdan o‘tkaziladi. Bu esa zo‘ravonlikning yana qayta sodir bo‘lish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bu qaror jamiyatimizda bola huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab bermoqda. Endi zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jazodan qochish yoki bola ortiga pinhona tahdid solish imkoniyati qolmaydi.
Hukumat va jamoat tashkilotlarining bu kabi hamkorligi har bir bola hayotining qimmatli ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. Zero, har bir bola mehr va osoyishtalik muhitida voyaga yetishi shart. Bu kabi tizimlar esa kelajagimiz bo‘lgan avlodni asrab qolishda muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!