Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinayotgan giyohvandlik vositalari ushlanib, noqonuniy aylanmasi to‘xtatildi.
Uzun tumanida olib borilgan operatsiya jarayonida 2005 va 2006-yillarda tug‘ilgan ikki mahalliy fuqaro 20 kilogramm 374 gramm “opiy” va 41 kilogramm 668 gramm “gashish” moddasini Tojikistondan kontrabanda orqali olib kelayotgan vaqtda ushlangan. Bu voqea natijasida tezkor tadbir davom ettirilib, ularning sheriklari ham aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan. Shu jumladan, Denov tumanida yashovchi va mazkur jinoyatni buyurtma qilgan shaxs ham qo‘lga olingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan shaxsning Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga kirayotgan yuklarida marmar tosh ichiga yashirilgan 7 kilogramm 902 gramm “Mefedron” moddasini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Tekshiruv davomida narkokuryerning Telegram bot orqali Rossiyadan olib kelishi va O‘zbekistondagi buyurtmachiga yetkazishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Bekobod va O‘rta Chirchiq tumanlarida narkosavdogarlar faoliyati aniqlanib, faoliyati to‘xtatildi. Qo‘qon shahrida yashovchi 1964-yilda tug‘ilgan ayol va uning 1993-yilda tug‘ilgan o‘g‘li ushlanib, ularning qo‘lidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan jami 9 kilogramm 800 gramm giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan jami 79 kilogramm 744 gramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Bu amaliyot, mamlakatimiz hududida narkotik moddalar savdosiga va kontrabandaga qarshi kurashning qanchalik jiddiy va tizimli olib borilayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Mutaxassislar xavfsizlik organlarining bunday tezkor tadbirlari jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!