Buxoro viloyatining Kogon shahrida istiqomat qiluvchi, ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan 68 yoshli U.O.ga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Ushbu voqea mahalliy aholi orasida katta shov-shuv va xavotir uyg‘otdi.
Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov ma’lum qilishicha, 2025 yilning 14 avgustida Kogon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi U.O.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi — qasddan odam o‘ldirish jinoyatida aybli, deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, ko‘rish qobiliyati mutlaqo yo‘qolgan U.O. hayotda yolg‘iz yashab kelgan. U yorug‘likni faqat oq rang sifatida anglay oladi. Yaqin qarindoshlarining yo‘qligi sababli, uyida yakka holda yashashga majbur bo‘lgan. Mahalla aholisi uni yaxshi taniydi, ahvolidan doimo xabardor bo‘lib turishgan.
Joriy yilning iyun oyida U.O.ning yaqin qo‘shnisi uyini ta’mirlash uchun rus millatiga mansub, M.M. ismli ustani chaqirgan. Uy ta’miri tugagach, U.O. ham ushbu ustani o‘zining honadon devorlarini ham ta’mirlab berishini so‘ragan.
Bir necha kun o‘tgach, M.M. U.O. yashaydigan xonadonga kelib, devorlarni suvoqlab, xizmat haqini olgan. U uyda suv olib berish, ovqat tayyorlash kabi ishlarga ham ko‘maklashgan. Shu orqali U.O. ustani ishongan inson sifatida qabul qilib, uni do‘st sifatida ko‘ra boshlagan. Mehr ko‘rsatgan, suhbatlashgan, pensiya pulini olib kelishida ham unga yordam bergan. Uyda tayyorlagan taomlar bilan ziyofat berishni ham rejalashtirgan.
Biroq, ayol ustaning do‘kondan faqat oziq-ovqat emas, spirtli ichimlik — aroq ham sotib olganini bilmagan. Uyga qaytgach, oshxonada ovqat tayyorlayotgan M.M.ning nega aroq olgani va nima sababdan uni ichganini so‘ragan. M.M. ichimlikni inkor etgan bo‘lsa-da, U.O. uning aroq iste’mol qilayotganini hid orqali payqagan. Ayol bir necha marta ogohlantirganiga qaramasdan, usta ichishda davom etgan va ayolni ham unga qo‘shilishga majbur qilmoqchi bo‘lgan. Hatto uning shaxsiy hududini buzishga harakat qilgan.
Ichkilikka va fahshga mutlaqo qarshi bo‘lgan, hayotda turmushga chiqmagan, nogironligi tufayli zaif bo‘lgan U.O. bu harakatlarga qarab chiqishga majbur bo‘lgan. U kartoshka tozalayotganida qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan mast holdagi M.M.ga qarshilik ko‘rsatgan. Uning tanasidagi chap son qismi va ko‘krak sohasiga yuqoriga qarab pichoq urib, uni yaralagandan so‘ng o‘limga sabab bo‘lgan.
Sud jarayonida U.O. o‘z qilmishiga to‘liq iqror bo‘lgan. Marhumning o‘g‘li R.M. esa otasining uzoq yillardan buyon spirtli ichimlik iste’mol qilib kelganini aytgan va U.O.ga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Shuningdek, aybdorga nisbatan qonuniy yengilliklar berilishini so‘ragan.
Sud hay’ati hukm chiqarishda U.O.ning yoshini, ayol jinsli ekanini, sog‘lig‘idagi muammolarni, oldin sudlanmaganini va jabrlanuvchining yaqinlarining da’vosi yo‘qligini hisobga olgan holda, jazoni yengillashtirgan.
Bu voqea odamlar o‘rtasidagi ishonch, yolg‘izlik va himoyasizlik kabi hayotiy masalalarga yana bir bor e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda. Mahallamizda bunday insonlar bor ekan, ularni yolg‘iz qoldirmasligimiz kerak. Ular ham jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida himoya va ehtiyojga muhtoj.
Buxoroda ko‘zi ojiz ayol qotillikda ayblanib sudlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar