date

Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik 4 yilga jazolandi

Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik 4 yilga jazolandi

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi 25 yoshli yigit Rossiya armiyasi safiga qo‘shilib, Ukrainadagi qurolli mojarolarda ishtirok etgani uchun sud hukmi bilan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortildi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan va avval jinoiy javobgarlikka tortilmagan bu yigit 2023 yil oktyabr oyida ish izlash maqsadida Rossiyaga yo‘l olgan. Bir yildan keyin, 2024 yil dekabrida esa u Rossiya tomonidan yollanib, frontdagi to‘qnashuvlarga jalb etilgan.

Yigitning aytishicha, u avval Moskvada politsiya tomonidan hujjatlarini tekshirish bahonasida ushlangan. Keyinchalik soxta ayblovlar qo‘yilib, qamoqqa olingan va tarjimon orqali so‘roq qilingan. Sud jarayonida u rus tilini bilmagani uchun tergovchilar tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiqqa uchraganini ma’lum qildi. Unga urushda qatnashish shartnomasi majburiy ravishda imzolatilgan, rad javobi berganida esa turli qiynoqlarga duch kelgan.

Yosh yigit 8 oy qamoqda saqlangach, Rossiya sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etilib, jazoni koloniyada o‘tashga majbur qilingan. U yerda ham bosimlar to‘xtamagan va 2024 yil dekabrida u Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan. 2025 yil 1 aprel kuni esa harbiylar uning qo‘liga kishan solib, boshiga qop kiydirgan holda frontga olib ketishgan.

Frontdagi qisqa faoliyati davomida yigit Donetsk shahrida sodir bo‘lgan snaryad portlashi natijasida og‘ir jarohat oladi va Sankt-Peterburgda davolanadi. Sog‘aygach, O‘zbekistonga qaytish uchun Moskvadagi elchixonaga murojaat qiladi va unga maxsus qaytish guvohnomasi rasmiylashtiriladi.

Ammo u yurtiga qaytgach, huquq-tartibot organlari uning Ukrainadagi qurolli mojarolarda ishtirok etganini aniqlaydi. Shu asosda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudga oshiriladi.

Navoiy viloyati sudi uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan va frontga yo‘l olgan o‘zbekistonliklar soni yuzlab. Hatto ayrim manbalar bu borada o‘zbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolaridan ko‘proq ekanini aytib o‘tgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘z chiqishlarida Rossiya safida o‘zbeklarning ko‘p ekanini tasdiqlagan edi.

Bu voqea yana bir bor xorijdagi fuqarolar uchun og‘ir ogohlantirish sifatida qabul qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik 4 yilga jazolandi