Qashqadaryoda chaqalog‘ini 12 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin jazolandi

Qashqadaryoda chaqalog‘ini 12 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin jazolandi

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida 2008 yilda tug‘ilgan ayol va uning turmush o‘rtog‘i chaqaloqlarini 12 million so‘mga sotishga uringani uchun sudlandi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

Sud materiallariga ko‘ra, ayol erkak bilan tanishishidan avval homilador bo‘lgan. 2025 yilda u mazkur erkak bilan tanishgan. Keyinchalik erkak ayolning homiladorligini bilgach, unga uylanishga rozi bo‘lgan. Biroq erkakning onasi bu munosabatga qarshi chiqqan. Shundan keyin juftlik Qarshi shahrida ijara uyda yashay boshlagan.

Ayol 2025 yil 13 noyabrda Toshkent shahrida qiz farzandni dunyoga keltirgan. Oradan ikki oy o‘tib, u chaqalog‘i bilan Nishon tumaniga qaytgan. Ammo erkakning onasi bolani qabul qilishni istamagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, moddiy qiyinchiliklardan keyin chaqaloqni sotish taklifi bildirilgan. Erkak tanishiga bolani ming dollarga berishini aytgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar kelib tushgach, tezkor tadbir o‘tkazilgan.

19 mart kuni chaqaloqni 12 million so‘mga sotishga urinish vaqtida er-xotin qo‘lga olingan.

Sud hukmiga ko‘ra, erkak yetti yilga, ayol esa uch yilu olti oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Chaqaloq Qarshi shahridagi 2-sonli kichik hajmli bolalar uyiga joylashtirilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar