Toshkentda avtobusni eshigini ochib boshqargan haydovchi jazolandi

Toshkentda avtobus harakatlanayotgan paytda eshiklarini ochiq qoldirgan haydovchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisi yo‘lovchilar xavfsizligi talablariga rioya qilmagani haqida murojaat tarqalgan. Mas’ullar ushbu holatni o‘rganib chiqqan.
Tekshiruv jarayonida 4 oktyabr kuni haydovchi O.E. texnik jihatdan soz avtobusni harakat vaqtida eshiklarini yopmasdan boshqargani aniqlangan. Shuningdek, u lavozim yo‘riqnomasida belgilangan talablarni buzgan.
Holat yuzasidan haydovchiga intizomiy jazo qo‘llangan. 5 oktyabrdagi 88-son buyruqqa asosan uning oylik maoshining 10 foizi miqdorida jarima belgilangan.
«Toshshahartransxizmat» yo‘lovchilar xavfsizligi, avtobuslardan foydalanish qoidalari va haydovchilarning xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishini nazorat qilish kuchaytirilishini ma’lum qildi.
12-avtobus saroyi rahbariyati esa yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan. Korxona bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun nazorat choralarini kuchaytirgan.






























Izohlar 0
…