Buxoro shahrida fojiaviy voqea yuz berdi: 4-sentyabr kuni soat 12:02da Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan, mahalliy IIB “102” qisqa raqamiga ma’lumot berilgan. Xabarga ko‘ra, Buxoro tumani “Bog‘idasht” qishlog‘i hududidan o‘tuvchi markaziy kanalizatsiya quvuriga, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tizimini ushbu asosiy quvurga ulayotgan 5 nafar ishchi ehtiyotkorlik qila olmagani oqibatida quvurga tushib ketgan.
Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, “Fayz binokor Oltiariq” MCHJning jami 5 nafar xodimi mazkur hududda kanalizatsiyani ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan. Ular “O‘rta Osiyo qurilish” MCHJga qarashli Kamaz rusumli, davlat raqam belgisi 80 411 JBA bo‘lgan kran orqali hajmi 1000 mm va chuqurligi 8 metr bo‘lgan markaziy quvurga yangi qazilgan kanalizatsiyani birlashtirish uchun ichki tomondan tuynuk ochishga harakat qilishgan. Bunga qadar Buxoro viloyati Suv va oqava ta’minoti bo‘yicha injinering kompaniyasining ruxsatisiz qopqoq olib qo‘yilgan va mehnatni muhofaza qilish qoidalari buzilgan. Bu esa kuchli oqim tufayli ishchilarning kanalizatsiyada oqib ketishiga olib kelgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda olib borilgan tergov harakatlari davomida, Buxoro tumani Zarmanoq MFY hududidan o‘tuvchi oqova suvlarni uztagich punktidagi quvurlardan 3 nafar fuqarolarning jasadlari topildi. Qolgan 2 nafar ishchilarni izlash va qutqarish choralari davom ettirilmoqda
Buxoro viloyati IIB TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, hodisa sabablari va mas’uliyatli shaxslar aniqlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!