
O‘zbekistonda surunkali alkogolizmni davolashga qaratilgan yangi ixtiro davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. «Surunkali alkogolizmni davolovchi vosita» nomi bilan tanilgan ushbu preparat IAP 8081-sonli patent bilan qonuniy muhofazaga olindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, alkogolizm — bu spirtli ichimliklarga kuchli patologik ishtiyoq va ruhiy hamda jismoniy qaramlikka olib keladigan surunkali kasallik. U jamiyatda katta ijtimoiy va tibbiy muammo sifatida namoyon bo‘lib kelmoqda. Yangi ixtiro esa ushbu og‘ir kasallikka qarshi kurashishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, yaratilgan vositaning asosiy maqsadi alkogolizmning I va II bosqichlarini samarali davolash hamda kasallikning qaytadan kuchayib ketishining oldini olishdan iborat. Bu esa bemorlarning hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularning jamiyatga sog‘lom qaytishiga yordam berishi kutilmoqda.