Navoiy viloyatida 104 mlrd so‘mlik (8,62 mln AQSh dollari) noqonuniy kriptovalyuta aylanmasi fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Operativ-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, aybdorlar kriptovalyuta operatsiyalarini noqonuniy tarzda amalga oshirgan.
Tekshiruv “Xavfsiz kibermakon” va “Dolzarb 20 kun” aksiyalari doirasida olib borildi. Operativ-qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy istiqbolli loyihalar agentligi xodimlari birgalikda ish olib bordi. Natijada, to‘rt nafar fuqaro — 1990, 1993, 1998 va 1999-yillarda tug‘ilgan shaxslar qo‘lga olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular One Payments va P2P Trade ilovalari orqali o‘zga shaxslarga tegishli bank kartalarini ulab, kriptovalyutani pulga ayirboshlash bilan shug‘ullangan. Shu yo‘l bilan ular 104 mlrd so‘m aylanma amalga oshirib, katta miqdorda noqonuniy daromad topishgan.
Qidiruv tadbirlari chog‘ida ularning qo‘lidan 68 ta plastik karta, 12 ta mobil qurilma, 8 ta SIM-karta va 2 ta kompyuter ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!