O‘zbekiston tibbiyoti yana bir shonli natijaga erishdi — mahalliy jarrohlar 7 yoshli qizaloqning bosh miyasidagi xavfli o‘smani muvaffaqiyatli olib tashlashdi. Bu haqda Bolalar milliy tibbiyot markazi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kichkintoy qizaloq bir necha oy avval og‘ir bosh og‘riqlari va xolsizlikdan shikoyat qilib shifokorga murojaat qilgan. Tekshiruvlar natijasida uning bosh miyasida xavfli o‘sma borligi aniqlangan. Xorijiy klinikalar ham bu holatda yordam bera olmagan va onaga bolaning umri ko‘pi bilan 6 oy qolgani aytilgan.
Biroq umid so‘nggi nafasgacha yashaydi. Bolalar milliy tibbiyot markazi jarrohlari qizaloqni operatsiya qilishga qaror qilishdi. Taxminan bir necha soat davom etgan jarrohlik murakkabligiga qaramay, muvaffaqiyatli o‘tdi. Shifokorlar o‘smaning 80 foizini olib tashlashga muvaffaq bo‘ldi.
Markaz direktori Baxtiyor Umarovning ma’lum qilishicha, operatsiya o‘ta mas’uliyatli va aniqlikni talab qilgan. “Bu nafaqat tibbiy, balki insonparvarlik sinovi ham bo‘ldi. Biz har bir bola hayoti qimmat ekanini his qilib ishladik,” — dedi u.
Hozirda qizaloqning ahvoli barqaror, u shifokorlar nazoratida. Qizaloqning kasallikdan to‘liq xalos bo‘lishi ehtimoli yuqori ekani ham ta’kidlanmoqda.
Jarrohlik amaliyotining ikkinchi bosqichi Nukus shahrida o‘tkazilayotgan “Salomatlik marafoni” doirasida amalga oshiriladi. Marafon doirasida nafaqat jarrohlik operatsiyalari, balki profilaktik ko‘riklar va kasalliklarni erta aniqlash ishlari ham olib borilmoqda.
Nukusdagi aksiyada Qoraqalpog‘istondan kelgan malakali shifokorlar ham ishtirok etmoqda. Ular Bolalar milliy tibbiyot markazi jamoasi bilan hamkorlikda og‘ir kasalliklarga qarshi yuqori texnologik operatsiyalar bajarishmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar nafaqat tibbiy yordam sifatiga, balki aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Bu voqea yana bir bor shundan dalolat beradiki, mahalliy shifokorlarimiz xorijdagi mutaxassislardan kam emas. O‘zbekiston tibbiyotida amalga oshirilayotgan bunday murakkab amaliyotlar mamlakatda yuqori malakali kadrlar va zamonaviy texnologiyalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Bolaning onasi esa ko‘z yoshlari bilan so‘zlagan: “Boshqa mamlakatlar yordam bera olmadi, lekin bizning shifokorlar farzandimni qayta tiriltirishdi. Bu haqiqiy mo‘jiza.”
Hozirda qizaloqning sog‘ligi kundan kunga yaxshilanmoqda. Tibbiy jamoa uning hayotini to‘liq tiklashga ishonmoqda.
Bu voqea nafaqat shifokorlar g‘alabasi, balki inson umidi, mehri va ilmiy salohiyatning go‘zal namunasi sifatida tarixda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!