Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bank kartalaridan olib borilgan to‘lovlar bo‘yicha shikoyatlar tarqaldi. Xususan, ayrim foydalanuvchilar metroga kirmagan bo‘lsa-da, kartalaridan mablag‘ yechib olingani haqida xabar berishdi.
Shu munosabat bilan ATTO kompaniyasi rasmiy bayonot tarqatib, mazkur holatga oydinlik kiritdi. Qayd etilishicha, 2024 yil 16–30 sentyabr kunlari Toshkent metropolitenining “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidagi to‘lov uskunalarida texnik muammolar kuzatilgan. Shu sababli o‘sha vaqtda amalga oshirilgan ayrim safarlar bo‘yicha to‘lovlar avtomatik tarzda qayd etilmagan va o‘z vaqtida qayta ishlanmagan.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, ayni vaqtda aynan o‘sha muddatda amalga oshirilgan real safarlar uchun to‘lovlar bank kartalaridan ushlab qolinmoqda. Ya’ni, faqat haqiqatda bajarilgan poyezd safarlari uchun to‘lov qayd etilyapti.
ATTO bunday jarayonda hech qanday ortiqcha mablag‘ yechib olinmayotganini ta’kidladi. To‘lov jarayoni barcha to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilgan safarlarni tahlil qilish va avtomatik hisoblash tizimi asosida yuritilmoqda.
Kompaniya shuningdek, fuqarolarni har qanday noaniq holat yuzasidan rasmiy ATTO ilovasi yoki koll-markazi orqali ma’lumot olishga va murojaat qilishga chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!