Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida ertalab sodir bo‘lgan yong‘in fuqarolarni hushyorlikka chorladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, maishiy texnikalar ortiilgan yuk avtomobili yo‘lda ketayotgan vaqtda alanga olgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Hodisa 10 oktyabr kuni soat taxminan 06:02 da “Yangi bo‘ston” mahallasi hududidan o‘tayotgan A-373 Andijon–Toshkent trassasida ro‘y bergan. “Volvo” rusumli yuk avtomobili harakat paytida kutilmaganda yong‘inga chulgangan.
Guvohlarning aytishicha, mashinadan ilk bo‘lib to‘satdan chiqqan is va alanga yo‘l chetidagi haydovchilar e’tiborini tortgan. Bir necha daqiqa ichida olov mashinaning orqa qismiga yoyilib, yuklarni qamrab olgan. U paytda transport vositasida maishiy texnika — muzlatgich, kir yuvish mashinalari va televizorlar bo‘lgani ma’lum qilingan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari chaqiruvdan 20 daqiqa o‘tib, soat 06:22 da voqea joyiga yetib kelgan va atigi to‘rt daqiqa ichida — 06:26 da yong‘inni to‘liq bartaraf etgan.
Hodisa natijasida haydovchi va atrofdagilar orasida jabrlanganlar yo‘q. Biroq transport vositasi va undagi qisman yuklar yong‘in ta’sirida zarar ko‘rgan.
Hozirda yong‘in sabablarini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning dastlabki taxminlariga ko‘ra, yong‘inga elektr tizimidagi qisqa tutashuv yoki yoqilg‘i oqib chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona viloyati FVBning ma’lum qilishicha, keyingi oylarda yo‘lda harakatlanayotgan yuk va yengil avtomobillarda yong‘in holatlari soni oshgan. Boshqarma aholini, ayniqsa haydovchilarni transport vositalarini texnik ko‘rikdan vaqtida o‘tkazishga va yo‘lda ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!