Andijonda tormozi ishlamagan yuk mashinasi yetti mashinani urdi. Qurbonlar bor

Andijonda tormozi ishlamagan yuk mashinasi yetti mashinani urdi. Qurbonlar bor

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida tormoz tizimi ishdan chiqqan yuk mashinasi yettita avtomobil bilan to‘qnashdi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 10 oktyabr kuni soat 09:40 atrofida tumandagi «Neftchilar» mahallasi Konchilar ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1978 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi tuproq ortilgan HOWO rusumli yuk avtomobili «Neftchilar — Kulla» yo‘nalishida harakatlanayotgan bo‘lgan. Tormoz tizimidagi nosozlik tufayli haydovchi mashinani boshqara olmay qolgan.

Natijada yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Cobalt, Nexia, BYD Song Plus va Nexia-2 rusumli avtomobillarga, shuningdek, yo‘l chetida to‘xtab turgan Nexia-3, Damas va Matiz mashinalariga urilib ketgan. To‘qnashuv oqibatida ko‘cha bo‘yidagi do‘konlarga ham zarar yetgan.

Hodisa joyida uch nafar fuqaro vafot etgan. Yuk mashinasi haydovchisi hamda yana uch kishi turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga olib borilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar