16:41 / 25.01.2017
10 216

Shayx hazratlarining Fransiyada so‘zlagan adolatli nutqlari (Albatta o‘qing)

Shayx hazratlarining Fransiyada so‘zlagan adolatli nutqlari (Albatta o‘qing)

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin!

Bir necha yillar oldin Fransiyada musulmonlarning, xususan, muslimalarning kiyinishlarini chegaralash to‘g‘risida qonun chiqarildi. Unda jamoat joylarida muslima ayollarning o‘z dinlari buyrug‘iga muvofiq kiyinib yurishlari man etildi. Bu esa dunyo musulmonlari o‘rtasida turli e’tirozlar bilan kutib olindi. Ana shu paytda Fransiya hukumati o‘z yurtida Dunyo musulmonlari kengashining ulamolarini va hamda dunyoga mashhur boshqa allomalarni ham to‘plab, bir anjuman uyushtirdi. O‘sha anjumanda ustozimiz shayx hazratlari ham ishtirok etgan edilar. Odatdagidek, safardan qaytib kelganlaridan so‘ng u erda bo‘lgan ba’zi bir ta’sirli holatlarni bizlarga hikoya qilib berganlar. O‘shalardan birini eslaylik:

«Anjumanda Fransiya hukumatinig vazirlaridan biri chiqib, qabul qilingan mazkur qonunni har taraflama tushuntirdi, uning go‘yoki ijobiy taraflarini birma-bir sanab o‘tdi. Fransiya aholisi ushbu mamlakat qonuniga bo‘ysunishga majbur ekanini ham ta’kidlab qo‘ydi. Tabiiyki, majlisda ishtirok etayotgan ko‘pchilik musulmon ulamolar mazkur qonunga nisbatan o‘zlarining tanqidiy fikrlarini bildirdilar. Ba’zilari esa bu borada e’tiroz bildirmadi.

Shunda «Mening bir mulohazam bor, aytsam maylimi», deb so‘z oldim. Keyin ularga qarata so‘zladim: «Mana, bir necha yillar avval Afg‘onistonni tolibonlar guruhi egallab oldi. Ular Afg‘oniston aholisiga o‘z hukmlarini majburlab o‘tkazishdi. Jumladan, hijob kiymaganlarni jazoladi, ko‘rgan va ushlagan joyida majburlab hijobga kirishini talab qildi. Agar o‘ranmasa yoki qaysarlik qilsa, shafqatsizlarcha jazoladi.

O‘sha paytda Fransiya hukumati ham, boshqa siyosatchilar, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, qo‘yingki, hammalaringiz tolibonlarning ishlarini to‘liq qoraladingiz. Unga qarshi kurashish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rdilaringiz va «Bu demokratiyaga mutlaqo ziddir» deb ayyuhannos soldilaringiz, to‘g‘rimi?» desam, ular: «Ha, to‘g‘ri, shunday bo‘lgan.

Haqiqatdan ham tolibonlar inson huquqlarini poymol qilishdi, zo‘ravonlik va majburlashni o‘zlariga shior qilib olishdi» deb tasdiqlashdi. Shunda ularga qarata: «Endi sizlarning tolibonlardan nima farqingiz qoldi? Ular ayollarni kiyinib yurishga majburlasa, sizlar echinib yurishga majburlayapsizlar. Ikkalasi ham bir xil narsa emasmi?» dedim. Bu savolimga ular hech qanday javob qaytara olmay, mum tishlab qolishdi».

Marhum ustozimiz shayx hazratlarining ko‘rsatgan bu jasoratlarini, dinu diyonat hamda uning qonun-qoidalarin i himoya qilish borasida qilgan xizmatlarining ko‘lamini izohlashga hojat yo‘q.

Ishoqjon BEGMATOV,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi.

Manba: Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shayx hazratlarining Fransiyada so‘zlagan adolatli nutqlari (Albatta o‘qing)