
Toshkent shahrining Mirobod tumanida kechqurun sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bir insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Hodisa 9-dekabr kuni soat 22:30 larda Islom Karimov ko‘chasida qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yutong rusumli elektrobus haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Kuchli zarbadan piyoda qarama-qarshi yo‘nalishga yiqilib tushgan va ayni paytda harakatlanib kelayotgan Haval rusumli yengil avtomobil ham uni bosib ketgan.
Afsuski, piyoda olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Hodisa bo‘yicha Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositasini boshqarish qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.