
Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlarsiz dori vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi ma’lum qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z.X. va uning sheriklari oldindan til biriktirgan holda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo qonuniy hujjatlari mavjud bo‘lmagan dori vositalarini sotishga uringan paytda qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ular 10 quti “Kitruda” va 2 quti “Tesentrik” nomli dori vositalarini fuqaro M.X.ga 165,6 million so‘m evaziga sotishga kelishgan.
Pul mablag‘lari AQSh dollarida hisoblab, jami 13 800 dollar olingan vaqtda gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari uchun muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan, shuningdek, ularni saqlash qoidalariga rioya qilinmagan. Shu sababli mazkur dorilarni sotish, tashish hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llash qat’iyan taqiqlanishi qayd etilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.