date

Uch shaharda advokatlar pora bilan qo‘lga olindi

Uch shaharda advokatlar pora bilan qo‘lga olindi

Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida uch nafar advokatning noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda poytaxtda faoliyat yurituvchi, muqaddam sudlangan advokat 5 ming AQSH dollarini noqonuniy olgan paytida ushlangan. Tekshiruvlar davomida u Mirobod tuman IIO FMB Tergov bo‘limida ko‘rilayotgan, Jinoyat kodeksining 131 va 135-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan 135-moddani olib tashlash va yengilroq jazo tayinlatish evaziga jami 10 ming dollar talab qilgani aniqlangan.

Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud idoralaridagi tanishlari orqali yordam berishni va’da qilib, 4 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokat Oqoltin tumanidagi MCHJ rahbaridan dori vositalari bilan bog‘liq nizo yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atib berish evaziga 1500 dollar olgan paytida ushlangan.

Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Uch shaharda advokatlar pora bilan qo‘lga olindi