Itni shafqatsizlarcha o‘ldirib yeyishgan uch nafar shaxs 10 sutkaga qamaldi

Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, huquqbuzarlik bir necha shaxs ishtirokida sodir etilgan. Ulardan biri itni ushlab turgan, ikkinchisi uni so‘ygan, uchinchisi esa hayvonning terisini shilib olgan. Shuningdek, it go‘shtini bo‘lib, boshqalar bilan birga iste’mol qilgan yana bir shaxs borligi aniqlangan, ammo u javobgarlikka tortilmagan.
Bu holat jamoatchilikka ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlar orqali ma’lum bo‘lgan. Videolarda Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro o‘z itini shafqatsiz tarzda o‘ldirib, go‘shtini iste’mol qilgani aks etgani aytilgan. Shundan so‘ng “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati Ichki ishlar vazirligiga rasmiy murojaat yo‘llab, holatni qonuniy tartibda o‘rganishni talab qilgan.
Keyinchalik “Ekolog” jamoat birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida asosiy ayblanuvchi Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 27 yoshli fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, u avval ham itlarni, jumladan, o‘ziga tegishli hayvonlarni muntazam ravishda o‘ldirib, go‘shtini iste’mol qilib kelgan. Ayrim holatlarda kuchukchalar ham so‘yilgani qayd etilgan.
Voqea joyiga hayvonlarni himoya qiluvchi volontyorlar va mahalla vakillari yetib borgan paytda, uyda ayblanuvchining onasi va singlisi ham bo‘lgan. Ular dastlab bo‘lib o‘tgan holatni rad etgan, hatto videolar namoyish etilgandan keyin ham ishonmagan.
Dastlab gumonlanuvchiga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan, ammo keyinchalik u itni yolg‘iz o‘ldirmaganini, bu ishga yana ikki nafar shaxs aralashganini ma’lum qilgan. Shu sababli ish qo‘shimcha tekshiruv uchun vaqtincha to‘xtatilgan.
Qo‘shimcha tergov harakatlari natijasida barcha ishtirokchilar aniqlanib, ish qaytadan sudda ko‘rib chiqildi. Yakunda sud uch nafar shaxsni hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda aybdor deb topib, ularni ma’muriy qamoqqa hukm qildi.
Ushbu voqea jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otib, hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing