07:42 / 24.02.2017
8 688

Qashqadaryoda nafsi hakalak otgan serjant qo‘lga olindi

Qashqadaryoda nafsi hakalak otgan serjant qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati alohida bataloni 2-otryadi inspektori lavozimida xizmat qilgan serjant Sh.Toshboyev jazoga tortildi. Bu haqda “Postda” gazetasiga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, u Yakkabog‘ tumanida “Damas” avtomashinasini to‘xtatgan hamda hujjatlari uyida qolib ketgan haydovchiga ma’muriy bayonnoma tuzishini aytgan. Haydovchining yalinib-yolvorishidan so‘ng unga “hozir mashina jarima maydonchasidan chiqib ketishini istasangiz...”, deb uchta barmog‘ini ko‘rsatgan.

Haydovchi oradan yarim soatlar o‘tib 150 ming so‘m olib keladi hamda uni inspektorga beradi. Pulni ko‘rgan serjant bular kam ekanini aytgach, haydovchi qolganini topganida olib kelishini aytadi.

Xullas, bayonnoma rasmiylashtirilmaydi. Serjant Sh.Toshboyev 150 ming so‘m evaziga transport vositasining texnik ko‘rikdan o‘tish muddati o‘tib ketganiga ham, gaz ballonining foydalanish muddati tugaganiga ham ko‘z yumdi. Haydovchi esa mashinasiga o‘tirib, jarima maydonchasidan chiqib ketadi.

Oradan kunlar o‘ta boshlaydi. Inspektor fuqaro J.Odilov boshqaruvidagi mashinani har ko‘rganda to‘xtatar, va’da qilingan pulning qolganini qachon berishini so‘rayverib holi-joniga qo‘ymasdi. Bundan sabr kosasi to‘lgan haydovchi oxiri huquq-tartibot organlariga xabar berdi.

Fuqaro J.Odilovning murojaati asosida o‘tkazilgan maxsus tadbirda serjant Sherali Toshboyev xalqumidan ilindi va huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi. Sud ishni atroflicha ko‘rib chiqib, unga nisbatan tegishli muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda nafsi hakalak otgan serjant qo‘lga olindi