Prezident bojxona xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni bojxona xizmati xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, idoraning mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashdagi strategik o‘rnini alohida qayd etdi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Davlat rahbari mustaqillik yillarida bojxona organlari milliy manfaatlarni himoya qilish, chegaralar daxlsizligini mustahkamlashda ishonchli tayanch bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida tizim zamonaviy, ochiq va samarador tuzilmaga aylanib, iqtisodiyot rivojiga sezilarli hissa qo‘shayotgani aytildi.
Murojaatda sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqargani, deklaratsiyalarning 20 foizi esa inson aralashuvisiz avtomatik ko‘rib chiqilayotgani bildirildi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda davlat budjetiga bojxona to‘lovlari 76,2 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga oshgan. Ularning budjet daromadlaridagi ulushi 25 foizga yetgan.
Shuningdek, bojxona organlari 1,2 trillion so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasining oldini olgani, risklarni tahlil qilish bosqichidayoq talon-toroj holatlarini aniqlab to‘xtatgani qayd etildi. Tovarlarni legallashtirish hisobidan budjetga qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m tushum ta’minlangani aytildi.
Noqonuniy aylanmadan 1,8 tonna giyohvandlik vositalari hamda 1,1 tonna psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi preparatlar musodara qilingani ham ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident O‘zbekiston bojxonasining xalqaro nufuzi oshib borayotganiga e’tibor qaratdi: laboratoriya va kinologiya markazi mintaqaviy filial maqomini olgan, Bojxona instituti PICARD dasturi standartlari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan, idora esa Jahon bojxona tashkilotining Audit qo‘mitasi tarkibiga kirgan.
Kelgusi besh yilda “soya iqtisodiyoti” ulushini ikki barobarga qisqartirishda bojxonaning rolini yanada kuchaytirish, shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga kirishi arafasida tizim samaradorligi va mas’uliyatini oshirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Bunda moddiy-texnik bazani rivojlantirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash va xodimlarni munosib rag‘batlantirish ustuvor yo‘nalish bo‘lishi qayd etildi.
Davlat rahbari xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan bojxona xodimlari xotirasini yod etib, ularning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Murojaat yakunida prezident bojxonachilarga mustahkam sog‘lik, farovonlik va xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!