date

Ehsonga ishonganlar aldandimi yoxud xayriya pulini firibgar “yeb ketdi”...

Ehsonga ishonganlar aldandimi yoxud xayriya pulini firibgar “yeb ketdi”...

Muborak Ramazon oyida odamlar saxovat, mehr va ehsonga yanada ko‘proq intiladi. Ayni shu pallada kimdir muhtojga qo‘l cho‘zsa, kimdir bemor bola uchun duo bilan mablag‘ yuboradi. Ammo afsuski, ana shu ezgu tuyg‘ularni ham o‘z manfaati yo‘lida suiiste’mol qiladiganlar topilyapti.

Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilgan monitoring hamda fuqarolar murojaatlari asosida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida navbatdagi kiberjinoyat fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, xayriya videolarini qayta ishlab, bemor bolalar nomidan yig‘ilgan mablag‘larni o‘zlashtirib kelgan shaxs aniqlangan.

Tergovga qadar tekshiruvlar davomida Buxoro viloyatida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida bemor bolalar nomidan joylangan ehson videolarini yuklab olgani aniqlangan. Shundan so‘ng u videolarni montaj qilib, asl roliklardagi bank karta raqamlarini o‘zgartirgan va o‘rniga onasiga tegishli bank kartasi ma’lumotlarini joylashtirgan.

Eng og‘ir jihati shundaki, fuqarolar chin dildan yordam beraman, deb yuborgan pullar aslida muhtoj bolalarga emas, aynan shu kartaga tushib kelgan. Ya’ni odamlarning rahm-shafqati, ishonchi va savob ilinjida qilgan xayriyasi firibgarlik sxemasiga aylantirilgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 2022 yil oktyabr oyidan to fosh etilguniga qadar qariyb 2000 ta tranzaksiya orqali jami 161 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan. Aytilishicha, u ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Gumonlanuvchining o‘zi ham qilgan ishini tan olgan. Uning izohida aytilishicha, “Instagram”da ehson videolari chiqib kelganidan keyin tayyor videolarni olib, montaj qilgan, onasining kartasini qo‘ygan va tushgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatgan. Shu bilan birga, u qilgan ishidan qattiq afsusda ekanini bildirgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Bu voqea yana bir bor bitta haqiqatni eslatadi: xayriya qilish — savob, lekin ehsonni ham ehtiyot bilan qilish kerak. Chunki bir tomonda bola dardi, ikkinchi tomonda esa shu dard ustida “biznes” qilmoqchi bo‘lgan vijdonsizlar turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Ehsonga ishonganlar aldandimi yoxud xayriya pulini firibgar “yeb ketdi”...