Kredit — bu xayr-ehson emas, balki o‘z vaqtida qaytariladigan qarzdir

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2024 yildagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor A.R.dan undiruvchi bank foydasiga 50 million 471 ming 812 so‘m kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Mazkur ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi N.Azamatov tomonidan qarzdor bir necha bor ogohlantirilib, qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda qoplash imkoniyati berilgan. Biroq, shunga qaramasdan, qarzdor qarzni to‘lashdan bo‘yin tovlab, turli vajlar bilan ijrodan qochib yurgan.
Shundan so‘ng davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlari boshlanib, qarzdorga tegishli bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashina qidiruv orqali aniqlandi va belgilangan tartibda xatlandi. Avtomashinani elektron auksion savdolariga chiqarish jarayonlari boshlanganidan keyin qarzdor vaziyat jiddiy tus olganini anglab yetdi.
Natijada, avtomashinasidan ayrilib qolmaslik maqsadida qarzdor yashirib yurgan mablag‘larini bank orqali to‘liq to‘lab, kredit qarzdorligini bartaraf qildi. Shu tariqa, ijro hujjati talablari to‘liq ta’minlanib, ijro ishi Qonunning 41-moddasi 1-bandiga asosan amalda tamomlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!