Velosipeddagi 14 yoshli qizcha o‘limiga sababchi haydovchi jazolandi

Velosipeddagi 14 yoshli qizcha o‘limiga sababchi haydovchi jazolandi
Qisqacha

Samarqand shahrida fevral oyida velosipeddagi 14 yoshli qizchaning o'limiga sabab bo'lgan yuk mashinasi haydovchisiga nisbatan sud qarori e'lon qilindi. Ma'lum bo'lishicha, yuk transportlari harakati cheklangan hududda harakatlangan 26 yoshli haydovchi 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi va 3 yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Samarqand shahrida 14 yoshli qizchaning hayotiga zomin bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud qarori e’lon qilindi. Fojiali voqeaga sababchi deb topilgan yuk mashinasi haydovchisiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa joriy yilning fevral oyida shaharning Temiryo‘lchilar mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Velosipedda harakatlanayotgan voyaga yetmagan qiz ukasi bilan sayr qilib yurgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan avtomashinaga uriladi va qatnov qismiga yiqilib tushadi.

Aynan shu paytda ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan yuk avtomobili qizchani bosib ketgan. Og‘ir jarohat olgan qiz voqea joyining o‘zida vafot etgan.

Sud jarayonida haydovchi muqaddam ham yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, halokat sodir bo‘lgan hududda yuk transportlari harakati cheklangan bo‘lishiga qaramay, u mazkur yo‘ldan harakatlangani aniqlangan.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, haydovchida transport vositasini o‘z vaqtida to‘xtatish imkoniyati bo‘lgan.

Sud qarori bilan 26 yoshli haydovchi aybdor deb topildi. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 3 yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud hukmiga muvofiq, aybdordan jabrlanuvchi tomon foydasiga 20 million so‘m moddiy va 120 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar