“Yozishmalarni eringga yuboraman”: ayolni shantaj qilgan yigitga hukm o‘qildi

“Yozishmalarni eringga yuboraman”: ayolni shantaj qilgan yigitga hukm o‘qildi

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida turmush qurgan ayolni shaxsiy yozishmalari va audioxabarlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitib, undan qariyb 86,3 million so‘mlik pul va tilla taqinchoqlarni undirib kelgan yigitga sud hukmi chiqarildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Shahrisabzdagi oliy ta’lim muassasasining sirtqi bo‘limida tahsil olgan yigit 2025 yilda ayol bilan ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan. Oradan ko‘p o‘tmay ular o‘rtasida yaqin munosabatlar yuzaga kelgan.

Keyinchalik yigit telefonida saqlanib qolgan yozishmalar va audioxabarlarni ayolning turmush o‘rtog‘i hamda farzandlariga yuborishi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi bilan qo‘rqitib, undan muntazam pul talab qila boshlagan.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil noyabridan 2026 yil mart oyigacha bo‘lgan davrda ayol bosim ostida yigitga bo‘lib-bo‘lib 75 million so‘m bergan. Mablag‘ topa olmagan paytlarda esa qiymati 11 million 300 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarini topshirishga majbur bo‘lgan.

Biroq sudlanuvchi bu bilan ham cheklanmay, 2026 yil mart oyida yana 20 million so‘m talab qilgan. Ayol bunday mablag‘ni topa olmasligini aytganda, yigit unga kredit olib bo‘lsa ham pul topishni tavsiya qilgan.

Shundan so‘ng jabrlanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yigit talab qilgan pullarning navbatdagi qismi — 10 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Sud uni tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topdi. Yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani inobatga olinib, sudlanuvchiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jinoyatni sodir etishda foydalanilgan iPhone 13 Pro mobil telefoni ham musodara qilinib, davlat foydasiga o‘tkazildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar