Jahon chempionati uchun 48 mamlakat pivosini to‘plagan muxlis mashhur bo‘ldi

Futbol muxlislari Jahon chempionatini turlicha nishonlaydi. Biroq Londonda yashovchi ashaddiy futbol ishqibozi Gas Halli bu borada o‘zgacha g‘oyasi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U turnirda ishtirok etayotgan 48 ta mamlakatning har biridan pivo to‘pladi va musobaqadan chiqib ketgan har bir jamoa sharafiga aynan o‘sha mamlakat pivosini ochib ichishni odat qildi. Bu haqda BBC Sport xabar berdi.
Gas Hallining aytishicha, u har bir jamoa musobaqani tark etganidan so‘ng o‘sha mamlakat pivosini ochadi. Buni u jamoaning turnirdagi ishtirokini e’tirof etish va bir vaqtning o‘zida chempionlikni qo‘lga kirita olmaganiga xos ramziy «tost» sifatida qabul qiladi.
«Har bir jamoa musobaqadan chiqib ketgach, o‘sha mamlakat pivosini ochaman. Bu ularning ishtirokini nishonlash va chempionlikni qo‘lga kirita olmaganini o‘ziga xos tarzda e’tirof etishdir», — dedi u.
Muxlis mazkur kolleksiyani shakllantirishni 2025 yilda boshlagan. U qisqa vaqt ichida ayrim mamlakatlar pivosini topish juda mushkul ekanini anglagan. Ayniqsa, Iroqdan pivo topish unga ancha qiyin kechgan.
«Iroq pivosi haqiqiy boshog‘riq bo‘ldi. Oxiri Polshada yashovchi bir odamdan uni sotib oldim. U bir necha yil avval Iroqqa safar qilib, u yerdan bir shisha pivoni esdalik sifatida olib qaytgan ekan. Men unga taxminan 30 funt to‘ladim», — deydi Halli.
Kolleksioner ba’zi ichimliklarni oddiy sotib olish emas, balki almashish orqali qo‘lga kiritgan. Masalan, u Finlyandiyadagi bir kolleksionerga noyob ingliz pivolarini berib, evaziga Qatarning Fizzin ichimligini olgan. Shuningdek, boshqa bir kolleksioner bilan Panama pivosini Saudiya Arabistonining Moussy ichimligiga almashtirgan.
Qatar va Saudiya Arabistoni kabi spirtli ichimliklar ommalashmagan mamlakatlar uchun ham u o‘ziga xos yechim topgan.
«Bu davlatlarda alkogol iste’moli cheklangani uchun arpa solodidan tayyorlangan alkogolsiz malt ichimliklarini tanladim. Ular o‘sha hududlarda pivoga eng yaqin mahsulot hisoblanadi», — deb tushuntirdi u.
Hozircha Halli o‘z kolleksiyasidagi pivolarni turnir natijalariga qarab bosqichma-bosqich ochib bormoqda. Uning aytishicha, Jahon chempionati yakunlangach, keyingi musobaqa uchun ham shunga o‘xshash yangi kolleksiya yig‘ishni rejalashtirmoqda.
Gas Hallining g‘oyasi ijtimoiy tarmoqlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab futbol muxlislari uning kolleksiyasi va har bir mamlakatni o‘ziga xos tarzda hurmat qilishiga ijobiy munosabat bildirmoqda.






























Izohlar 0
…