70 yil “temir o‘pka”bilan hayot kechirgan ayolning hayot yo‘li yakunlandi

AQSHda afsonaviy “temir o‘pka” apparatidan foydalanib kelgan so‘nggi bemor Marta Lillard 78 yoshida vafot etdi. U poliomiyelit bilan og‘riganidan keyin qariyb 70 yildan ortiq vaqt davomida aynan shu noyob qurilma yordamida hayot kechirgan. Zamonaviy sun’iy nafas oldirish texnologiyalari keng ommalashganiga qaramay, Marta hayotining oxirigacha o‘zini hayotga qaytargan ushbu apparatdan voz kechishni istamagan.
Ma’lum qilinishicha, Marta Lillard 1953 yilda, atigi besh yoshida poliomiyelit kasalligiga chalingan. O‘sha davrda mazkur kasallik AQSH bo‘ylab keng tarqalgan bo‘lib, minglab odamlarning hayotiga jiddiy xavf solgan. Infeksiya uning nafas olish tizimiga ta’sir qilib, mustaqil nafas olish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqargan. Shundan so‘ng shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun “temir o‘pka” deb nomlangan maxsus apparatdan foydalanishgan.
Ushbu qurilma germetik yopiq metall kameradan iborat bo‘lib, uning ichida hosil qilinadigan manfiy bosim o‘pkani sun’iy ravishda ishlashga majbur qiladi. Keyinchalik tibbiyot jadal rivojlanib, zamonaviy nafas oldirish apparatlari paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Marta Lillard o‘zini aynan shu qurilma bilan xavfsiz his qilishini aytgan va uni almashtirishni istamagan.
U 2021 yilda bergan intervyusida bu qarorini shunday izohlagan edi:
«Menga bu apparat umuman kerak bo‘lmasligini xohlardim. Ammo ba’zida unga rahmat aytaman. Chunki aynan shu mashina hayotimni saqlab qoldi. Agar u bo‘lmaganida, bugun tirik bo‘lmas edim».
Bolaligida Marta deyarli butun vaqtini “temir o‘pka” ichida o‘tkazgan. Shu sababli u maktabga ham kuniga taxminan bir soatgina bora olgan. Vaqt o‘tishi bilan ahvoli biroz yaxshilangan va uzoq yillar davomida apparatdan asosan faqat tungi uyqu vaqtida foydalanib kelgan.
Biroq hayotining so‘nggi yillarida COVID-19 infeksiyasining asoratlari uning salomatligini yana og‘irlashtirdi. Natijada Marta yana deyarli butun kun davomida “temir o‘pka” apparati ichida bo‘lishga majbur bo‘lgan.
Kamyob tibbiy qurilmadan foydalanish turli qiyinchiliklarni ham keltirib chiqargan. 1990-yillarda apparat nosozlana boshlagach, Marta unga mos boshqa qurilma izlashga to‘g‘ri kelgan. Bir safar kuchli muzli bo‘ron tufayli elektr ta’minoti uzilib, hatto zaxira generatori ham ishdan chiqqan. Shunda u hayotini saqlab qolish uchun favqulodda xizmatlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Yaqinlarining ma’lum qilishicha, Marta Lillard COVID-19 asoratlari bilan uzoq davom etgan kurashdan so‘ng 26 iyun kuni olamdan o‘tgan.
U nafaqat og‘ir kasallik bilan kurashgan inson, balki jamiyat uchun faol mehnat qilgan ko‘ngilli sifatida ham esda qoldi. Marta hayvonlarni himoya qilish tashkilotlariga yordam bergan, bolalar markazida faoliyat yuritgan va ishonch telefonida operator sifatida ishlagan. Bundan tashqari, u she’rlar yozgan, rasm chizgan hamda bir qo‘li bilan ijro etish mumkin bo‘lgan fortepiano kuylarini ham bastalagan.






























Izohlar 0
…