Yashnobodda beton plita bosib qolgan 25 yoshli ishchi vafot etdi

Toshkent shahridagi qurilish obyektlaridan birida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yana mehnat xavfsizligi masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Yashnobod tumanida beton plita bosib qolishi oqibatida 25 yoshli ishchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” dasturi orqali ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, fojiali hodisa Yashnobod tumanidagi Olmos mahallasi hududida joylashgan qurilish maydonida sodir bo‘lgan. Vafot etgan yigit Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, qurilish ishlarida mehnat qilib kelgan.
Guvohlarning aytishicha, voqea ish jarayoni davomida yuz bergan. Kuchli gursillagan ovozni eshitgan atrofdagilar darhol yordamga shoshilgan. Biroq beton plita og‘irligi tufayli uni mustaqil ravishda ko‘tarishning imkoni bo‘lmagan.
“Gursillagan ovozni eshitdik. Darrov birinchi yordam ko‘rsatish uchun yugurdik. Qo‘limizdan kelmagani uchun Favqulodda vaziyatlar xizmatiga xabar berdik. Tez yordam va qutqaruvchilar kelib, kran yordamida plitani ko‘tarishdi”, — deydi voqea guvohlaridan biri.
Yashnobod tumani Tez tibbiy yordam bo‘limi rahbari Sanjar Qodirovning ma’lum qilishicha, 3 iyul kuni qurilish obyektidan chaqiriq kelib tushgan va tibbiy brigada zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, manzilga yetib kelinganida erkak kishini beton plita bosib qolgani, olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida esa u voqea joyining o‘zidayoq hayotdan ko‘z yumgani aniqlangan.
Ayni paytda mazkur baxtsiz hodisa yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qurilish maydoni vaqtincha o‘rab qo‘yilgan bo‘lib, voqeaning kelib chiqish sabablari va mehnat xavfsizligi talablariga qay darajada rioya qilingani o‘rganilmoqda.






























Izohlar 0
…