Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi: sud tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi: sud tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

YouTube'dagi “Sirojiddin Media” kanali muallifi va shu nomdagi MCHJ rahbari Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Jizzax viloyati sudlari ma’lum qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Odilov bir nafar fuqaroga nisbatan tovlamachilik, yana ikki nafar shaxsga nisbatan esa xizmat mavqeidan foydalangan holda takroran firibgarlik sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, u D.Sh.dan 12 million so‘mni tovlamachilik yo‘li bilan, G.J.dan 30 million so‘m va R.X.dan 33 million so‘mni firibgarlik orqali qo‘lga kiritgan. Shu tariqa yetkazilgan umumiy zarar 75 million so‘mni tashkil etgan va mazkur mablag‘ to‘liq qoplangan.

Sud tomonidan Odilovga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ayrim manbalarda jazo manzil-koloniyada o‘talishi qayd etilgan.

Jizzax viloyati sudlari alohida ta’kidlashicha, jinoyat ishi doirasida Odilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga oid ayblov qo‘yilmagan. Sudda ko‘rib chiqilgan ayblovlar boshqa fuqarolarning mulkini firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shuningdek, birinchi instansiya sudining hukmiga yuqori instansiyada belgilangan protsessual tartibda baho berilishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Sirojiddin Media” YouTube kanalida 918 mingdan ortiq obunachi bor.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar