18:02 / 06.09.2017
8 191

Hukumat yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi

Hukumat yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi
So‘nggi vaqtlarda OAVlarda YTHlar haqida xabarlar ko‘paydi va qayd etish zarurki, ularning aksariyati o‘lim bilan yakun topgan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda taniqli san’atkorlar ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligi muammolariga bag‘ishlangan “Hayotni saqlab qolamiz!” aksiyasi ham o‘tkazildi. Bundan tashqari, ko‘plab internet foydalanuvchilari tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinishi zaruriyati ta’kidlanib kelindi.

Mazkur omillarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida 4 sentyabr kuni “Haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish hamda o‘qitishning innovatsion usullarini qo‘llagan holda ularning malakasini oshirish to‘g‘risida” 693-sonli qarorni qabul qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haydovchilar madaniyati va ularning avtotransport vositalarini bilish darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, haydovchilar malakasini doimiy oshirishga qaratilgan qonunlar talabi yetarlicha bajarilmayapti.

“Aksariyat hollarda yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositasini boshqarayotgan haydovchilar bo‘lmoqda”, deya qayd etiladi qarorda.

Qarorga ko‘ra, 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilari ikki yilda bir malaka oshirish kurslarida o‘qishlari shart.

Mazkur qaror yo‘l harakati xavfsizligini, fuqarolarning hayoti va salomatligini ta’minlash, YTHlardan ogohlantirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish hamda tashkilotlar haydovchilari malakasini o‘qitishning innovatsion usullarini qo‘llagan holda oshirish tartiblarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilindi.

Ta’kidlash o‘rinliki, qaror loyihasining qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi 156-son qarorining 22-bandi amalda to‘la ijro etilmaganiga asoslangan. Unda fuqarolarni tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari haydovchilari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, bir yilda bir marta, yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilar esa ikki yilda bir marta malaka oshirishlari shartligi belgilangan.

Ahamiyatlisi, yangi qaror mashg‘ulotlarni qulay vaqtda o‘tash hamda o‘qiganlik to‘g‘risidagi talablarni unifikatsiyalash imkonini oshirdi.

Mashg‘ulotlarni o‘tkazish Avtotest kompaniyasiga ishonib topshirildi, sababi bugungi kunda kompaniya eng zamonaviy o‘qitish usuli va texnik uskunalariga ega va haydovchilar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish uchun zarur talablarga mos keladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hukumat qarorini samarali tadbiq etish uchun Avtotest tomonidan o‘qitishning birlashtirilgan usulidan foydalangan holda avtotransport vositalari haydovchilari malakasini oshirish bo‘yicha «Avtotest 3.0» o‘quv-uslubiy majmuasi ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, kompaniyada o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘qitish monitoringi va rejasi bo‘yicha avtomatlashtirilgan kompleks axborot tizimi o‘quv jarayoniga joriy etilgan.

Shuningdek, 2018 yil 1 iyuldan hukumat qarori bilan malaka oshirish kurslarida o‘qiganlik haqidagi sertifikatga ega bo‘lmagan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarishga mas’ul hamda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra litsenziya/litsenziya kartalari amal qilishi to‘xtatilgan shaxslarga ma’muriy javobgarlik ham joriy etiladi.

Manba: Uz24.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hukumat yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi