17:50 / 15.03.2018
5 852

“Istiqlol” san’at saroyida jinoyatchi qo‘lga olindi

“Istiqlol” san’at saroyida jinoyatchi qo‘lga olindi
Konsertga ketayotgan odam, albatta, yaxshi madaniy hordiq chiqarishini o‘ylab dili chog‘, kayfiyati a’lo bo‘lishi turgan gap. Lekin san’at saroyi ostonasiga kelgan tomoshabinning qo‘liga kishan solinganini ko‘rganmisiz yoki eshitganmisiz?

Ajabtovur holat, shunday emasmi? Ayniqsa, sevimli san’atkorining qo‘shiqlarini eshitaman, deb uzoq viloyatdan kelgan odamga san’at saroyi ichiga kirish ham nasib qilmay sud zali qora kursisiga borib o‘tirganiga nima deysiz?

Biroq, dono xalqimiz qilmish – qidirmish, deb bejiz aytmagan. Farg‘ona shahridan Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyiga kelgan Ilhom Jabborov balki yaxshi niyat bilan bu maskan ostonasiga qadam qo‘ygandir, ammo uning cho‘ntaklarida “yomon niyat” yashiringan edi. Ya’ni xavfsizlik yuzasidan tomoshabinlarni tekshirib o‘tkazish punktida uning yonidan ko‘p miqdordagi “Marixuana” va “Gashish” giyohvandlik vositalari chiqdi. Bu to‘g‘rida O‘zA ma’lum qildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
– Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, o‘zining iste’moli uchun sotib olgan giyohvandlik vositalarini yonida olib yurganini tan oldi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Oripov. - Sodir etilgan jinoyat guvohlarning ko‘rsatmalari bilan ham o‘z tasdig‘ini topdi.

Sudlanuvchiga jazo tayinlashda uning aybini bo‘yniga olgani va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganini jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholandi. Mazkur jinoyatni g‘arazli va boshqa past niyatlarda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholandi. Jinoyatning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi inobatga olinib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash zarurligiga e’tibor qaratildi. I.Jabborovga Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, hukm shartli hisoblandi va 1 yil sinov muddati belgilandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Istiqlol” san’at saroyida jinoyatchi qo‘lga olindi