00:24 / 29.03.2018
6 252

Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyo: «Ishqilib uvoli tutmasin...»

Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyo: «Ishqilib uvoli tutmasin...»
Azamat Ziyo Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zMTDP fraksiyasi yig‘ilishida
Foto: «Milliy tiklanish» gazetasi

Bugun Namangan viloyatidagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoga bag‘ishlangan «Chustda aholi sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli holat aniqlandi. Hokim o‘rinbosari javob berishdan bosh tortdi» maqolasi e’lon qilingan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, tarix fanlari doktori, professor, o‘z vaqtida birinchi Prezident Islom Karimovning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Azamat Ziyo mazkur maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

«Tan olish kerak, non-suv isrofgarchiligi haqida so‘z ketsa, barchamiz soatlab amru ma’ruf qilib bera olamiz. Ammo amalda teskarisini qilamiz. To‘y-ma’rakalardagi non va boshqa yeguliklarning isrofiga chidab bo‘lmaydi. Yana urush, qahatchilik ko‘rganmiz, deyishdan charchamaymiz. Uy, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni yo to‘yxonadagi mehmondorchiliklarda, yoshi ulug‘larning, nondek aziz bo‘ling, deya duoga qo‘l ochganlarida, non anqoning urug‘i bo‘lgan kezlardagi azizlikni ko‘zda tutayotganlarini anglab turasan-u, biroq shu ziyofatdan keyin qanchadan-qancha non xor bo‘lishini bilib turib, so‘ziga ishonishni ham, o‘ziga ishonishni ham bilmay qolasan.

Ilk bor musulmon mamlakatlaridan birida bo‘lib, restoranda nonga chiqindidek munosbatni ko‘rganimizda, rosa hayronlikka tushgandik. Boshqa bir g‘irt musulmon yurtga safar chog‘ida non bilan og‘zi va murtini artganini kuzatganimizda, keyinchalik hajga borib kelganlardan u tomonlarda dasturxondagi non, suyak, qog‘oz – nima bo‘lsa, bir xaltaga ag‘darib, axlatga tashlanishini eshitganimizda, nonni qadrlashning dinga aloqasi yo‘q ekan, bu o‘zbekchilikning o‘ziga xosligi ekan, xulosasiga kelib, o‘zimizcha g‘ururlanib ham qo‘ygandik. Biroq diniy tadbirlarda, dasturxonlarimiz to‘kin, noz-ne’matlarga to‘la, bunga shukr qilishimiz kerak, da’vatini eshitganmiz va eshitayapmiz, ammo isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar, ortiqcha yegulik qo‘ymanglar, qanchasi uvol bo‘lmoqda, barchaning ham bunga qurbi yetmaydi, shularga zorlar ham bor, qabilidagi chaqiriqlar quloqqa chalingani yo‘q hali. Oqibati ma’lum: turmushimiz yaxshilanib borgani sayin isrofgarchilik milliy odatimizga aylanib bormoqda.

Toshkentimizdagi ichimlik suvi uvolidan ba’zan qo‘rqib ketasan. O‘tgan yili yozda ishxonadan chiqayotib, nariroqda katta suv mashinasi gullarni sug‘orayotganiga ko‘zimiz tushdiyu, eshik yonidagi, uch kunda bir qo‘riqchilikka kelib ketadigan yigitga, quyosh botmasdan sug‘orib bo‘lmasligini anavilarga aytsang bo‘lmaydimi, axir sen dehqon bolasisan-ku, deganimizda, shunday mot qildi: aka, bunisi ham mayli, huv anavi yerda katta mavzega ichimlik suvi uzatadigan yo‘g‘on quvur bor, Anhordan suv olishga erinib, o‘sha ichimlik suvidan quyib kelib sug‘oradi bu qistalog‘lar, bizning qishloqqa borib ko‘rsin, ichimlik suvini tashib kelib ichamiz!

Ta’lim, tibbiyot muassasalari o‘z hovlilari va biriktirilgan yerlarda har bahor daraxt ekadilar. O‘tgan yili ham ekkan edinglar-ku, qani ular, savolimizga, ariq suvi yo‘q, ichimlik suvini ishlatsak, o‘lchagich aylanib falon pul yozadi, oqibatda suvga qo‘yilgan cheklovdan chiqib ketamiz, qarzdor bo‘lamiz... Daraxt ek, deganlar, sug‘orishni o‘ylamaydilar-ku, javobini berganlarida uyalib ketasan kishi. Keyin o‘ylanib qolasan: o‘tgan asrning yetmishinchi yillari, ya’ni esimizni taniganimizdan beri har bahor ommaviy daraxt ekib kelinadi. Ularning o‘ndan biri tutganida ham yurtimiz o‘rmonzor bo‘lib ketishi kerak edi-ku...

Non-suvni uvol qilayotganlar, daryo, soylarni bulg‘ayotganlar, ichimlik suvini ishlatib gul ko‘kartirayotganlarning ko‘pchiligi juma, hayit namozlariga chiqishlari, xudoyi, iftor qilishlari, ro‘za tutishlariga shubha yo‘q. Fojia shunda! Ishqilib, uvoli tutmasin. Shu bilan birga muammoni o‘z holiga tashlab qo‘yishga ham haqqimiz yo‘q. Shunday holatlarni bugungidek ochiq-oydin e’lon qilib, mutasaddilarning tanobini tortib qo‘yish, o‘zimizni esa uyaltirishdan charchamasligimiz kerak. Mazkur masalalarda qonuniy qattiqqo‘llik va jamoatchilik nazoratidan hamda sug‘orish ishlarida ariq suvlaridan foydalanish tizimiga o‘tishdan o‘zga chora yo‘q», — dedi Azamat Ziyo.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyo: «Ishqilib uvoli tutmasin...»